O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida dirijyor, rejissyor, baletmeysterlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovi o‘z nihoyasiga yetdi.
Ushbu ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 dekabrdagi “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda opera va balet san’atini yanada yuksaltirish, dirijyor, rejissyor va baletmeysterlarni kashf etish maqsadida tashkil etildi.

Ayni paytda mazkur tanlov yosh ijodkorlarni yuksak darajaga ko‘tarish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ijodini keng targ‘ib qilish, opera va balet san’atida ijod qiluvchilarning imkoniyatlarini hamda kasb mahoratini oshirish maqsadida har yili iyun oyida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkazilib, umumiy natijalarga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rin sovrindorlari aniqlandi.
G‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA