Navoiy viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan “Eng yaxshi boshqaruv organi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Bugungi kunda viloyatdagi 2072 ta ko‘p kvartirali uylarga 66 ta boshqaruv servis kompaniyalari, 5 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamda Navoiy shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tomonidan kommunal xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Barcha boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdoralari shirkatlarida 24/7 rejimida faoliyat olib boradigan avariya-dispetcherlik xizmatlari tashkil etilgan.

Viloyatda faoliyat olib borayotgan boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdoralari shirkatlari o‘rtasida 1-bosqich o‘tkazilib, Navoiy shahridan “Humo-uylari plyus”, “Gulobod siti-2020”, “Komfort hayot PBK-151”, “Yangi hayot-2018” hamda Zarafshon shahridan “Zar namuna boshqaruv kompaniya” va “Yangi hayot 2022” boshqaruv servis kompaniyalari viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma olgan edi.
Ushbu tashkilotlar 3 bosqichda o‘zaro bellashdi.

1-bosqichda har bir qatnashchi “noodatiy tanishtiruv” shartida ishtirok etgan bo‘lsa, 2-bosqichda hakamlar hay’ati tomonidan boshqaruv binosi ko‘zdan kechirilib, tartib-ozodalik, ishchi xodimlar uchun qulaylik, moddiy-texnika bazasi va dispetcherlik xizmati faoliyati baholandi. Shuningdek, murojaatlar bilan ishlash tezkorligi va sifati, boshqaruvdagi ko‘p qavatli uylarning texnik holati va tutash hududlar obodligi, aholining fikri ham inobatga olindi.

3-bosqichda esa ishtirokchilar bir qator savollarga yozma javob berdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng ko‘p ball to‘plagan “Humo-uylari plyus” boshqaruv servis kompaniyasi 1-o‘rinni egalladi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.

G‘olib, sovrindorlar Navoiy viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri