Toshkent shahrida “Eng yaxshi boshqaruv organi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlov ko‘p kvartirali uyni boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish, ushbu soha vakillarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, eng yaxshi ko‘p kvartirali uyni boshqarish organlari tajribasini ommalashtirish, mulkdorlar o‘rtasida umumiy mulkni saqlash, foydalanish, uni asrab-avaylashga qaratilgan.
Tanlov tuman (shahar), viloyat va Respublika bosqichlaridan iborat bo‘lib, final bosqichiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha saralangan 16 ta boshqaruv servis kompaniyasi yetib keldi.
Bu bosqichda boshqaruv servis kompaniyalari o‘zlarining faoliyatiga doir taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.
Tadbirda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovning tanlov ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva o‘qib eshittirdi.
Vazir o‘z tabrigida boshqaruv organlarining uy-joy kommunal sohadagi o‘rni, oxirgi yillardagi islohotlarning natijalari va kelgusidagi rejalar haqida to‘xtalgan.
“So‘nggi yillarda uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashdi. Soha rivojlanishi natijasida boshqaruv organlari aholiga nafaqat uy-joy xizmatlari, balki qo‘shimcha servislar ham taklif qila oladigan darajaga yetdi. Shu bilan birga, bugungi kunda uy-joy boshqaruvi orqali tadbirkorlik imkoniyatlari kengayib, kompaniyalar aholining bandligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda”, deyiladi tabrikda.
Tanlovda ishtirokchilar o‘z loyihalari va xizmatlarini real sharoitda namoyish qilmoqda. 2 kunlik tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdi, balki boshqaruv sohasidagi eng yangi yondashuv hamda innovatsiyalarni bo‘lishdi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda uy-joy fondini boshqarish tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatining tartibga solinishi sohada shaffoflikni va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Soha uchun eng muhim jihatlardan biri esa boshqaruv organlarining moliyaviy mustaqilligini oshirish hamda ularning xizmat turlarini kengaytirishdir.
Bugungi kunga kelib, Boshqaruv servis kompaniyalari aholining to‘lovlariga bog‘liq bo‘lib qolmay, o‘zini o‘zi rivojlantirish, servis xizmatlar va tadbirkorlikni kengaytirish orqali daromad olish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.
O‘tkazilayotgan tanlov esa ushbu sohada samarali ishlayotgan va o‘zini moliyaviy jihatdan barqaror boshqara olayotgan kompaniyalarning tajribasini keng ommaga tanishtirish bilan ahamiyatli.
Tanlov yakunida g‘olib kompaniyalar aniqlanib, qimmatbaho sovg‘alar va bosh sovrin – “Labo” avtomobili bilan taqdirlandi. Bu esa boshqaruv sohasida ishlayotgan boshqa kompaniyalar uchun ham qo‘shimcha motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uGzMll4dnx8" title="“Eng yaxshi boshqaruv organi” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichi oʻtkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA