Azim Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimining o‘tkazilishi bu Yangi O‘zbekistonda ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan qat’iy va murosasiz siyosatimizga berilgan bahodir.
Ma’lumki, ushbu mukofot Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniy tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, dunyo miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashga katta hissa qo‘shib kelayotgan olimlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar, innovatorlar va faol tashkilotlar rag‘batlantirilib kelinmoqda. Mukofot beshta yo‘nalish – korrupsiyaga qarshi kurashishdagi yutuqlari hamda uzoq yillik faoliyati uchun, ta’lim va akademik tadqiqotlar uchun, yoshlar tashabbuslari va daxldorligi uchun, innovatsiyalar va jurnalistik materiallar uchun hamda sportni korrupsiyadan xoli qilish yo‘nalishlari bo‘yicha berib kelinmoqda. Mukofot ilk bor 2016 yilning 9 dekabrida topshirilgan bo‘lib, o‘sha yili 51 mamlakatdan 38 nafar g‘olib taqdirlangan edi.
Navbatdagi anjumanga Toshkent mezbonlik qildi va tadbirda Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniy, qator xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning 30 dan ziyod mamlakatidan yetakchi ekspertlar ishtirok etdi. Shuningdek, 2016 yildan beri 5 nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilgan 50 dan ortiq mukofot sohiblari qatnashdi.
“Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monument ochildi. Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.
Davlatimiz rahbari nufuzli anjumanda so‘zga chiqib, bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi. Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdid ekanini va u Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarga ham jiddiy putur yetkazishini qayd etdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Eng yomoni – jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Prezidentimiz o‘z nuqtida mamlakatimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga to‘xtalar ekan, bu borada huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilayotgani, alohida qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etilganini aytdi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilyapti. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.
O‘zbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.
Bunday sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egalladi. O‘zbekiston 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnini yana 50 pog‘onaga yaxshilashni maqsad qilgan. “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-o‘ringa ko‘tarildi. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.
Mamlakatimiz rahbari demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yanada katta reja va vazifalar belgilaganini ta’kidladi. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqish, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etish, ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish shular jumlasidandir.
Jahongir ZIYAEV, “Milliy tiklanish” DP deputati
O‘zA