Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat hokimligi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda turli yo‘nalishlar bo‘yicha 60 nafardan ziyod jurnalist, yozuvchi, shoir va rassomlar o‘zlarining qariyb 200 ta ijodiy ishi bilan ishtirok etdi.
Ijodkorlar “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Eng yaxshi publitsistik kitobi uchun”, “Tasviriy san’at, foto dizayn ishlari”, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari”, “Internet jurnalistikasi”, “Radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Televideniye ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” kabi 7 nominatsiyada o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar.
Tadbirda Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi raisi O‘tkir Matqurbanov ishtirok etib, tanlovning nufuzi va qamrovi yildan-yilga oshib borayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, viloyatdan tashqarida yashab faoliyat yuritayotgan ijodkorlar ham o‘zlarining Xorazmga oid ijodiy ishlarini taqdim etgani katta qo‘llab-quvvatlash ekanligi ta’kidlandi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-24936]
“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi mustahkam jurnalistika va san’at an’analarini rivojlantirish, ijodkorlarni rag‘batlantirish va ularning yaratgan asarlari orqali mustaqillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari