E’tirof
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori asosida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Murod Gulyamov, faxriy jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur ko‘rik-tanlovning mazmun-mohiyati, mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, ko‘zni quvontirayotgan qurilish va obodonchilik ishlari, aholi turmush darajasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida so‘z yuritildi. Qo‘lga kiritilayotgan barcha ijobiy ishlar hammamiz uchun qadrli bo‘lgan mana shu eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik tufayli ekani yana bir bor aytildi.
Tadbir davomida 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nufuzli o‘rinlarni egallagan ijodkorlar Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ajratilgan qimmatbaho sovg‘alar va tashkilotchilarning diplomlari bilan taqdirlandi.
Xususan, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin yozuvchi Asad Asilga “Izlaringni izlarman, Alqor” kitobi uchun berildi. Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin “Mash’al” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Tolip Hakimovga nasib etdi.
Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari yo‘nalishida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati “OKMK TV” muxbiri Oysara Dadayeva g‘olib bo‘ldi. Internet-jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi” muharriri Asroljon Sulaymonov ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik mavzudagi kitoblar yo‘nalishi bo‘yicha ohangaronlik ustoz ijodkor Barot Isroil “Asriynoma yoxud Barotiynoma” kitobi uchun birinchi o‘ringa loyiq topildi. Shu bilan birga tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari bo‘yicha ham bir qator ijodkorlar taqdirlandi.
Tadbirdagi san’atkorlarning chiqishlari davraga o‘zgacha fayz kiritdi.
A.Musayev, O‘zA.