O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi bayoni ijrosi doirasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasi asosida “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh tashkilotchiligida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligi anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, ijod ahli va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-24959]
“Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovi tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov tadbirda so‘zga chiqib, tanlov natijalari haqida ma’lumot berdi.
– Tanlovimizga taqdim etilgan ijodiy ishlar rang-barang, turli janrlarda, – dedi Xolmurod Salimov. – Ular orasida mustaqillik yillari, ayniqsa keyingi 8-9 yil ichida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan materiallarni ham ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, jamiyatimizdagi yutuq va muammolar, oldimizda turgan muhim vazifalar hamda ularni hal etish yo‘llari ifoda etilgan ijodiy ishlar ham o‘rin olgan.
Bu yilgi tanlovda ijodiy ishlar quyidagi 7 ta nominatsiya bo‘yicha qabul qilindi. “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Internet-jurnalistika”, “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob”, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Tasviriy san’at, foto va dizayn ishlari”, “Kino san’ati asarlari” kabi nominatsiyalar shular jumlasidan.
Bu yil “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasi ostida o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga 7 nominatsiya bo‘yicha 366 nafar ijodkor — jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, kino hamda tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlardan 1 ming 900 dan ziyod ijodiy ish taqdim etilgan.
Hakamlar hay’ati a’zolari taqdim etilgan ishlarni besh ballik tizim asosida baholadi. Bunda mavzuning dolzarbligi, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining ifodasi, tahliliylik, asarning badiiy qimmati, mustaqillik g‘oyasining aks etishi hamda talqinning o‘ziga xosligi kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi. G‘oliblarni aniqlash jarayonida tanqidiy-tahliliy ruhdagi materiallarga maxsus urg‘u berildi.
Qayd etilishicha, “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasida 79 nafar jurnalist o‘zining 474 ta ijodiy ishi bilan ishtirok etdi. E’tiborli jihati – tanlovda qatnashchilar soni ortishi bilan ularning ijodiy ishlari sifati ham yuksalgan. G‘oliblikka nomzodlarning ko‘pligi hakamlar hay’ati uchun eng munosiblarni saralab olishda ma’lum qiyinchilik tug‘dirgani tabiiy. Shunga qaramay, nufuzli hakamlar hay’ati sinchkov va xolisona yondashib, eng yaxshi ijodiy ishlarni saralab, munosib g‘oliblarni aniqladi.
Badiiy publitsistika — jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlarga, shuningdek, dunyo mintaqalarida yuz berayotgan va inson ong-shuuri, dunyoqarashi hamda turmush tarziga ta’sir ko‘rsatayotgan voqea-hodisalarga hozirjavob munosabat bildiruvchi ijodiy tafakkur mahsulidir.
Bu janrda davrning ijtimoiy va ma’naviy-axloqiy qiyofasi, yutuq va muammolari, jamiyat oldida turgan muhim vazifalar hamda ularni hal etish yo‘llari aniq-ravshan ifoda etiladi. Shu ma’noda, badiiy publitsistikani davrning ijtimoiy solnomasi deb atash mumkin.
Tanlovning “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasida bu yil o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq — 25 nafar ijodkor ishtirok etdi. Ular orasida
tajribali ustoz jurnalistlar ham, yosh ijodkorlar ham borligi quvonarli. Eng muhimi, taqdim etilgan kitoblar orasida ma’naviy xazinamizga aylanishga arziydigan durdona asarlar mavjud.
– Hozirda ijodkorlarning ovozi har qachongidan ham baralla yangramoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovining “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasi g‘olibi Zulfiya Mo‘minova. – Ijodkorlarning faoliyati davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va e’zozida bo‘lib kelmoqda. Bu e’tibor ijod ahli zimmasiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
Aytish kerakki, tanlovning “Televideniye va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” nominatsiyasi bo‘yicha 77 nafar ijodkordan 462 ga yaqin ijodiy ish taqdim etildi. Ushbu materiallar shakl va mazmun jihatidan turli-tuman bo‘lib, ularda islohotlar natijasi, hududlardagi yangilanishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, shuningdek, “Inson qadri uchun” g‘oyasining hayotiy ifodasi aniq misollar asosida yoritildi. Alohida qayd etish kerakki, teleradiomateriallarda bugungi kunning dolzarb masalalari — mustaqillikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini ulug‘lashga xizmat qiladigan mavzular ta’sirchan tarzda aks ettirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu yil tanlovning “Internet-jurnalistika” nominatsiyasida 81 nafar ijodkor qatnashdi. Hakamlar hay’ati ushbu nominatsiya bo‘yicha taqdim etilgan 486 dan ziyod turli janrdagi materiallarni ko‘rib chiqdi. Quvonarlisi, tanlovda nafaqat jurnalistlar va erkin ijodkorlar, balki blogerlar hamda davlat organlari axborot xizmatlari xodimlari ham ishtirok etdi. Ular orasida O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva ham borligi quvonarli.
Tanlov qatnashchilari taqdim etgan materiallarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi keng yoritildi. Shu bilan birga, jamiyatimizda uchrab turadigan muammolar ham tilga olinib, ularning sabablari chuqur tahlil asosida ochib berildi.
Tadbirda san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Nazokat Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA muxbirlari