Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng ulug‘, eng aziz” – Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov ko‘rgazmasi ochildi
11:05 / 2025-08-23

Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha Respublika bosqichi doirasidagi ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi va yurtimizda istiqlol bayramini keng nishonlashga bag‘ishlangan muhim madaniy-ma’naviy voqealardan biri bo‘ldi.  

Ko‘rik-tanlovda 40 nafar muallif 410 dan ortiq asar bilan ishtirok etdi. Hay’at a’zolari tomonidan har bir asar chuqur o‘rganilib, eng sara ishlardan ko‘rgazma tashkil etildi.  

Ko‘rgazma ekspozitsiyasida tasviriy san’at, fotografiya va dizayn yo‘nalishida yaratilgan asarlar namoyish qilinib, unda istiqlolning mazmun-mohiyati, milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning bunyodkorlik va mehnatsevarlik ruhi yuksak badiiy saviyada aks ettirildi.

 

–Mustaqillik – xalqimizning eng ulug‘ qadriyati, milliy o‘zligini anglash va kelajakka ishonch bilan qarash manbai, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur. –  Har bir ijodkor o‘z asari orqali istiqlolni, Vatanga bo‘lgan muhabbatni, milliy g‘urur va qadriyatlarni badiiy talqin etmoqda. Bu - san’at orqali mustaqillikni ulug‘lashning yorqin ifodasi.

Mustaqillik xalqimizga yangilanish, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lini ochib berdi. Bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyatining mustahkamlanishi, xalqimizning ma’naviy yuksalishi istiqlol tufayli ro‘yobga chiqmoqda.

Mazkur ko‘rgazma san’at orqali istiqlol g‘oyasini teran talqin etib, jamiyatimizning estetik tafakkurini boyitadi, Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va bunyodkorlik ruhini yanada yuksaltiradi.  

“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi ijodkorlarimizning yuksak mahorati, yangicha badiiy izlanishlari va mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni badiiy tilda ifoda etishga xizmat qilmoqda.

N.Usmonova,  

O‘zA