“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi temir yo‘l transporti boshqarmasi va sexlarida mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar kasb bayramini shodu xurramlik, mehnat sovg‘alari bilan qarshi olmoqda.
Kecha kombinatda 35 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirilgani mustaqillik va temiryo‘lchilar kasb bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi. Ochilish marosimida so‘z olgan “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov, Tomdi tuman hokimi Q.Aldabergenov va boshqalar ushbu liniyaning ahamiyati va qulayliklari haqida so‘z yuritdi. Tadbirda ishtirok etgan konchi-metallurglar, temiryo‘lchilar, tomdilik nuroniylar, yoshlar yuz-ko‘zida bundan minnatdorlik ruhi namoyon bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, kombinatning malakali mutaxassis va muhandislari, quruvchilar matonati bilan qurilgan bu qurilish kombinat tarixida yangi sahifa ochdi. Bu, Tomdi tuman hududidagi konlardan gidrometallurgiya zavodiga ma’dan yetkazib beruvchi yo‘l bo‘ldi. Buning natijasida tomdilik ko‘plab yoshlar ishli bo‘ldi. Ular kombinat o‘quv markazlarida kasbga o‘qitilib, o‘quv yurtlarini bitirgan mutaxassislar qatorida ishga qabul qilindi. Bunday imkoniyat uchun yoshlar va ularning ota-onalari davlatimizdan minnatdor.
– Tomdibuloq ovulida yashayman. Yaqin vaqtgacha ishsiz edim. Temir yo‘l kelishi menda ishga kirish ishtiyoqini o‘yg‘otdi. Qo‘limda sohaga to‘g‘ri keladigan hujjatim, hunarim bo‘lmasada, hech ikkalanmay kombinat bo‘linmasiga ish so‘rab bordim. Mas’ullar meni yaxshi kutib olib, kasbga o‘qishga tavsiya berishdi. Belgilangan muddatda o‘qib, mana ishga joylashdim, – deydi quvonch bilan Lokomotiv xizmati yo‘l montyori Muhit Srailov.
bugungi kunda kombinat temir yo‘l sohasida 2 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchi, mashinist va vagon kuzatuvchilari, muhandis-texnik xodimlar mehnat qilmoqda. Kombinat balansidagi mavjud 317 kilometrdan ortiq temir yo‘llar orqali kuniga minglab tonna ma’dan belgilangan manzillarga yetkazib berilmoqda. Yangi liniya barpo etilishi esa korxona uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi. Eng quvonarlisi, kombinatda ma’dan tashish hajmining 60 foizdan ko‘prog‘i temir yo‘l transporti hissasiga to‘g‘ri keladi va bu albatta, e’tirofga arzigulik ko‘rsatkich.
– O‘tgan yili noyabr oyida kombinatimiz 5,5 million dollarlik temir yo‘l qurish texnikalarini sotib olib, kombinat tarixida ilk bor o‘z kuchimiz bilan temir yo‘l qurishga kirishdik. Jamoamiz buni g‘oyat qisqa davrda zimmasiga olgan ulkan mas’uliyatni kutilganidan ham ziyoda uddalashga erishdi va bu borada ham ustun ekanliklarini namoyon etdi, – deydi “NKMK” AJ boshqarmasi temir yo‘l transporti bo‘limi boshlig‘i Yerali Arapbayev.
Bugun kombinat bunday muhim loyihalarni amalga oshirish yo‘lida shiddat bilan davom etmoqda. Oldinda hali ulkan marralar, katta ishlar, Qizilqum bag‘rida yashirinib yotgan boyliklarni o‘zlashtirish, buning hisobiga yangi ob’ektlar qurish, konlarni o‘zlashtirish va mana shunday yo‘llarni barpo etishdek muhim vazifalar turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, kombinat temiryo‘lchilari O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini bugun ana shunday mehnat zafarlari, yorug‘ yuz bilan qarshi olmoqda.
Abdumajid JO‘RAEV,
“NKMK” AJ Matbuot markazi boshlig‘i.
Viktor Yakovlev olgan suratlar.