Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ulug‘, eng aziz bayram tadbirlari davom etmoqda
16:31 / 2023-09-01

Bugun yurtimizning har bir go‘shasida katta bayram. Xalqimiz Mustaqillik bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.

Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 32 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.  

Har yili kombinat jamoasi ushbu bayramni o‘zgacha kayfiyatda kutib oladi. Tadbir avvalida kombinat Bosh direktori – O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulov cho‘zga chiqib, yig‘ilganlarni eng ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham o‘zgarishlar davrini boshlab berdi. Keyingi olti yilda umumiy qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan 20 ta yirik investitsion loyiha ishga tushirilib, 14 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Natijada kombinatda 2022 yilda 2016 yilga nisbatan oltin ishlab chiqarish hajmi 21 foiz, kumush ishlab chiqarish hajmi 46 foizga oshdi.  

[gallery-13397]

Kombinatda har yili Mustaqillik bayramiga sovg‘a hozirlash an’anaga aylangan. Jumladan, “Pistali” koni negizida 6-gidrometallurgiya zavodi, “To‘dako‘l”da Xalqaro shaxmat maktabi, Zarafshon shahrida 504 o‘rinli maktab-internat, Navoiy mashinasozlik zavodida yangi uchastka qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, kombinat jamoasi joriy yilning yetti oyida 37,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, rejani 110,5 foizga bajarishga, Investitsiya dasturi bo‘yicha 261 million dollar mablag‘ o‘zlashtirishga, mahalliylashtirish dasturi doirasida 389 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishga erishdi.

Albatta, kombinat tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar mehnati munosib e’tirof etilmoqda. Jumladan, mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Markaziy kon boshqarmasi avtosamosval haydovchisi Sayfidin Bahronov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni, “Auminzo-Amantoy” koni boshlig‘i Avazxon Ezozxonov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Tadbirda “Farhod” madaniyat saroyi jamoasi va poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonandalar tomonidan dilrabo kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA