Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng shirin tarvuz – Mo‘ynoqda
11:17 / 2022-01-31

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga borgan kishi aynan u yerdagi tuproqni ko‘rib hayron qoladi. Chunki, yerda sho‘r yo‘q. Boshqa tumanlar yerlarida yozning kunlari oppoq qordek yotadigan sho‘r yerlar bu joylarda uchramaydi.

Tuproq esa unumdor, bo‘z. Fuqarolarning aytishicha, yerga nima eksa, unadi.

O‘tgan asrning 90-yillarida dengiz qurigandan keyin avval baliqchilik bilan shug‘ullanib kelgan mahalliy aholi dehqonchilikka qo‘l uradi. Ekin juda unumdor chiqadi. Shu paytlarda respublika bo‘yicha maktablararo musobaqalar o‘tkazib turilgan. Ya’ni, qaysi maktab o‘quvchilari ko‘p hosil yig‘ib maktabga topshirsa – shu g‘olib deb topilgan. Mo‘ynoq tumanining ovullaridagi qator maktablar pomidor ekish bo‘yicha O‘zbekistonda eng ilg‘or maktablar qatoridan joy oladi. Mo‘ynoqning qovun-tarvuzlari juda shirin bo‘lib yetiladi. Xalq orasida hozir ham gap bor: “Mo‘ynoqning qovun-tarvuzini yegan kishi boshqasiga qaramay qoladi”.

Mo‘ynoqning Shege qishlog‘i atrofi avval bog‘ bo‘lgan, u yerda qora tarvuz ekilgan. Bu tarvuzlar hattoki eksportga yo‘naltirilgan.

Bir kuni shu ovuldagi maktabning bitta o‘quvchisi tarvuzning sirtiga o‘zining ismi-sharifi, manzili, maktabini yozib yuboradi. Bu tarvuz Qo‘ng‘irotdan poyezdlarga yuklanib Rossiyaga ketadi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin maktabga Rossiyaning qaysidir o‘lkasidan maktub keladi. Unda shunday yozilgan edi: «Aziz o‘quvchi, Sizning tarvuzingizni oldik. Yedik. Umrimda bunday shirin tarvuzni yeb ko‘rmaganman. Orolning qurigan tubida mana shunday tarvuz yetishtirilgani meni taajjubga soldi. Manimcha, dunyodagi eng shirin tarvuz – Mo‘ynoqda…».

Mo‘ynoq yerlarining bo‘z bo‘lishi tabiiy. Sababi, Amudaryo bir vaqtlari bu yerlarga yiliga 14 million tonna tabiiy mineralga to‘yingan loyqa oqizib kelib turgan. Mahalliy aholi hanuzgacha ekinlarini hech qanday kimyoviy o‘g‘itsiz yetishtiradi.

2000 yil boshlaridan keyin tumanda suv tanqisligi kuzatila boshladi. Ekinlarni sug‘orish mumkin bo‘lmay qoldi. Suv tanqisligi tufayli mahalliy aholi dehqonchilik bilan shug‘ullana olmay, chorvachilikka o‘tgan edi.

Yaqin yillardan buyon Mo‘ynoq atrofini bog‘dorchilikka aylantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda «Yoshlar bog‘i», «Qo‘qon bog‘i», «Ajiniyoz bog‘i», «O‘zbekiston Milliy universiteti bog‘i», «Navoiy tashabbus bog‘i» kabi o‘nlab bog‘lar paydo bo‘ldi.

Ye.Qanoatov, O‘zA