Navoiy viloyatida buyuk shoir, mutafakkir, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy ijodini anglab” mavzusida buktreyler tanlovi o‘tkazildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi, viloyat Yozuvchilar uyushmasi va Abdulla Qodiriy nomidagi Axborot-kutubxona markazi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovga 21 ta eng yaxshi buktreylerlar taqdim etildi.

– Buktreyler kitob haqida videorolik orqali qisqacha ma’lumot berishdir, – deydi viloyat Axborot kutubxona markazi rahbari Ramazon Rajabov. – Buktreylerlar 1 daqiqadan 3 daqiqagacha bo‘lib, asardagi eng kulminatsion, ya’ni kitobxonda qiziqish uyg‘otuvchi sahnalarni o‘zida jamlagan holda tayyorlanadi. Videorolikni ko‘rgan kishi kitobni o‘qishni hoxlaydi. Bu usul kitobxonlarni mutolaaga jalb qilishning yangi usullaridan biridir.

Tanlovga taqdim etilgan buktreylerlar hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganib chiqildi. Videoroliklar mazmuni, jozibadorligi va dizayni, til ifodasiga qarab baholandi. Yakuniy xulosalarga ko‘ra, Karmana tumani 4-maktab o‘quvchisi Zarnigor Sanayeva tanlov g‘olibi, deb topildi.

Tadbirda yoshlar tomonidan Navoiy g‘azallari ijro etilib, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan “Diplom” va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA