Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng qutlug‘, yagona so‘zim vatandir
18:24 / 2022-08-05

Andijon shahridagi harbiy qismda “Bu yorug‘ olamda Vatan bittadur!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi oldidan Harbiy qism rahbariyati, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Veteran” afg‘on urushi faxriylari kengashi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, jurnalistlar, afg‘on urushi faxriylari hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, askarlarning jangovor va siyosiy bilimlarini, ma’naviyatini yuksaltirish, istiqlol ne’mati, ona Vatanni ardoqlash, inson sha’ni va qadrini ulug‘lashga qaratilgan ibratli ishlar xususida so‘z yuritildi.

– Vatanimiz mustaqillikka osonlikcha erishgani yo‘q, – deydi faxriy jurnalist Saida Ahmadjonova. – Men uzoq yillar viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Sadoqat” gazetasida muharrir bo‘lib ishlaganman. Mustaqilligimiz e’lon qilinganidan keyin dastlabki o‘n yillar davomida istiqlolimizni, yurtimiz ravnaqini ko‘rolmagan qancha-qancha qora kuchlar, diniy ekstremistlar mustaqilligimizga, tinch hayotimizga chang solganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Ular bilan bo‘lgan janglarda qancha mard o‘g‘lonlarimiz qurbon bo‘ldi.

[gallery-8179]

Unutmaylik, ular shu aziz Vatan, mustaqillik uchun aziz jonlarini fido qildi. Ularning, qolaversa, istiqlol yo‘lida jon fido qilgan minglab ajdodlarimizning xotirasi haqqi hurmati Vatanimizni har qanday yovuz kuchlardan asrab-avaylashimiz, sevishimiz, ardoqlashimiz, yaqinlarimizning tinchligi va farovon yashashlari uchun yurt himoyasiga hamisha kamarbasta bo‘lishimiz lozim.

Jurnalistlar, afg‘on urushi faxriylari harbiylarga istiqlol solnomalarini hayotiy misollar asosida gapirib berdi.

Bu quyosh bor ekan tirikdirman men,

Bu ko‘ngil entikib yana Vatan der.

Qalbimning eng chuqur yerida yotgan,

Eng qutlug‘, yagona so‘zim Vatandir.

“Andijanskaya pravda” gazetasi bo‘lim mudiri Shefiya Imanqulova shoir Xurshid Davronning Vatan haqidagi yuqoridagi she’rini o‘qiganida shubhasiz, har bir qatnashchining qalbida ona Yurtga bo‘lgan mehri, sadoqati yanada ortdi.

Tadbirda yosh ijodkorlar va askarlar tomonidan ona Vatan, yurt himoyachilarini madh etuvchi, shuningdek, mehr-oqibat, sevgi va sadoqat mavzularida o‘qilgan she’rlar barchada katta taassurot qoldirdi.

Harbiylar, jurnalist va afg‘on urushi faxriylari o‘rtasidagi samimiy va dildan kechgan suhbat askarlarga ulkan ma’naviy ozuqa berish bilan birga, qalblarida ezgulik, ona Vatanga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA