Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng namunaviy xotin-qizlar faoli
17:17 / 2025-06-20

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Sayqal” mahallasi faoli Nafisa O‘roqboyeva xotin-qizlar bilan ishlash, oilalarda sog‘lom muhitni ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, ijtimoiy nizolarni bartaraf etish va yoshlar tarbiyasi sohasida samarali faoliyat olib bormoqda.

Uning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” mahallada tizimli faoliyat yuritib, ijobiy natijalarga erishmoqda.

U 2024 yilda Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Eng namunaviy huquq targ‘ibot maskani” respublika ko‘rik-tanlovida “Eng namunaviy xotin-qizlar faoli” nominatsiyasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Joriy yilda esa Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida uning faqat bir kunlik faoliyati o‘rganilib, namuna sifatida ommalashtirildi.

– Rostini aytsam, bu yutuq – nafaqat mening, balki oilam, yaqinlarim va mahallamizda men bilan yelkadosh bo‘lib mehnat qilayotgan fidoyi jamoamiz sa’y-harakatlarining amaldagi samarasidir, – deydi Nafisa O‘roqboyeva.

E’tiborli jihati shundaki, Nafisa O‘roqboyevaning harakatlari tufayli noqonuniy nikohda yashab kelayotgan o‘ndan ortiq oilaning munosabatlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Qizlarjon” klubi orqali qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, mahallada ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shilmoqda.

– Nafisa – faol, tashabbuskor va mas’uliyatli xotin-qizlarimizdan biri, – deydi Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Payziyeva.– Uning mahallada xotin-qizlar bilan ish olib borish, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, ma’naviy va axloqiy tarbiyani kuchaytirish yo‘lidagi xizmatlari e’tirofga loyiq. Uning faoliyati shahar va viloyat miqyosida ham namuna sifatida baholanmoqda. Bunday fidoiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamiyat taraqqiyotining garovidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri