Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi arafasida o‘tkazilgan tanlovning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni, ayniqsa, mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

Ayni kunda Andijon viloyatidagi 900 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchilari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, mahalla yoshlari muammolarini aniqlash, ijobiy hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishlariga ko‘maklashish, ularning ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish, faol va tashabbuskor yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida 10 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Unda tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 160 nafar yoshlar yetakchisi yil davomida amalga oshirgan ishlari, kelgusidagi rejalari bo‘yicha o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Yoshlar daftari” tizimi bilan samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi”, “Alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi”, “Tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” singari nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan 10 nafar mahalla Yoshlar yetakchisi tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari