Poytaxtimizda “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika komissiyasi ushbu tanlovlarning yangi tahrirdagi nizomi hamda yangilangan Respublika komissiyasi tarkibini tasdiqladi.

Ilk bor tanlovning hududiy bosqichlari ham alohida va yuqori saviyada tashkil etildi. Har bir hududdan bittadan tuman yoki shahar respublika bosqichida ishtirok etdi.
Jami 30 ta vazirlik va idora o‘zaro bellashdi. E’tiborlisi, ham hududlarda, ham vazirlik-idoralarda rahbarlarning ma’naviyat va ma’rifat masalalariga bo‘lgan e’tibori yanada kuchaygani, bu sohadagi tashabbuslar doimiy qo‘llab-quvvatlanayotganidir. Bu esa ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi natijalariga ko‘ra quyidagi tashkilotlar g‘olib bo‘ldi.
Jumladan 1- o‘rin Bosh prokuraturaga, 2-o‘rin Bojxona qo‘mitasiga hamda 3-o‘rin “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ga nasib qildi.
“Yeng namunali tuman va shahar” tanlovida esa 1-o‘rinni Qamashi tumani, 2-o‘rinni Chilonzor tumani, 3-o‘rinni Vobkent shahri (Buxoro viloyati) va Baliqchi tumani (Andijon viloyati) egalladi.

Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA