French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
12:13 / 2021-12-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovning maqsadi mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish orqali bu boradagi faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitning sog‘lomligi va barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir”.

“Eng namunali tuman va shahar” tanloviga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tavsiyasiga ko‘ra, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda o‘z hududida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlagan 14 ta tuman va shahardan, “Eng namunali vazirlik va idora” tanloviga esa 20 ta vazirlik va idoradan ariza qabul qilindi.

Tanlovda g‘oliblikka da’vogarlarning faoliyati Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan joylarga chiqib, nizomda belgilangan mezonlar asosida o‘rganildi va baholandi.

“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlarining g‘oliblari bir necha  mezonlar asosida baholandi. Jumladan, vazirlik va idoralarda ma’naviyat va ma’rifat kengashining faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi,  tizimda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi o‘rganishlar tahlili, ularning natijalari asosida qabul qilingan chora-tadbirlar ijrosiga asosiy e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga  Ma’naviyat va ma’rifat xonasining tashkil etilganligi, unda targ‘ibot materiallarining mavjudligi, tizimda o‘tkazilgan ma’naviy va ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha rahbar va mas’ullarning faoliyati tahlili, tashkilotning kutubxona fondi mavjudligi, soha xodimlarining yurtimizdagi  islohotlardan xabardorligi va ularning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda bilimini oshirishga oid ishlardan qay darajada xabardorligiga ahamiyat qaratildi.

“Eng namunali tuman va shahar” tanlovlarining g‘oliblarini aniqlashda esa hududdagi korxona, tashkilot hamda ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati, kitob do‘konlari, ko‘rgazmali targ‘ibot  vositalari, gazeta va jurnallarga obuna soni, maktab va mahallalardagi kutubxona holati, “Bir ziyoli bir mahallaga ma’naviy homiy”  tamoyilining joriy qilinganligi va boshqa tamoyillar inobatga olindi. 


 
O‘z tizimida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni namunali tashkil etgan, mamlakatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholining ijtimoiy kayfiyatini yaxshilash va islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish bo‘yicha samarali va ta’sirchan innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, faol ravishda amaliyotga joriy qilgan ishtirokchilar g‘oliblar safidan joy oldi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Eng namunali tuman va shahar” yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hamda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani  birinchi o‘rin, “Eng namunali vazirlik va idora” yo‘nalishida esa Mudofaa vazirligi  birinchi o‘rinni egalladi. Tanlovning mutlaq g‘oliblariga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili va 15 million so‘mlik kitoblar to‘plami taqdim etildi.  

Tanlovda bir qator jamoalar pul mukofoti va kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi. Bu esa g‘oliblarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Taqdirlash marosimi san’at ustalari  va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konserti dasturiga ulanib ketdi. Ushbu tanlov Vatanimiz yanada taraqqiy etishi, xalqimiz farovon yashashi, aholi  ma’naviyati yuksalishi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan har bir fuqaro, jamoa davlatimiz e’tiboridan chetda qolmasligining yaqqol ifodasidir.

 

N.Usmonova, O‘zA