Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Eng namunali mahalla raisi” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda yurtimizda mahalla tizimini tubdan isloh qilishga, odamlarning dard-u-tashvishi, muammolarini mahallaning o‘zida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalar uyushmasi va uning boshqarma va bo‘limlari tashkil etilib, “mahalla yettiligi”ning asosiy vazifalari belgilab berildi.

Ayni paytda viloyatimizning 4 ta tumanida “Obod xonadon –obod ko‘cha–obod mahalla” mezonlari asosida qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani va aholi uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilayotgani ham yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganidan dalolatdir.
Bugun mahalla faollari mahallalarni obod qilish, qadriyatlarni saqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash, eng asosiysi, millatimiz uchun yot bo‘lgan oilaviy ajrimlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yanada faol va tashabbuskor bo‘lishmoqda.

Birinchi bosqichda 11 ta tuman va shaharda sektorlar bo‘yicha 330 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari raislari o‘zaro bahslashdi. Sektor g‘oliblari esa tuman va shahar bosqichida o‘z omadlarini sinab ko‘rdi va g‘oliblar viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tanlovda mahalla raislari 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdi.
[gallery-16296]
Hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra, 2-o‘rinni Navbahor tumanidagi Guliston mahallasi raisi Nigora Yo‘ldosheva, 3-o‘rinni Xatirchi tumanidagi Baxshijar mahallasi raisi Azizbek Rahmonberdiyev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli 1-o‘ringa Navoiy shahridagi O‘zbekiston mahallasi raisi Dilnoza Qurbonova munosib ko‘rildi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari