English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng namunali harbiy yetakchi aniqlandi
12:18 / 2025-11-27

Jizzaxda harbiy qism va muassasalardagi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari o‘rtasida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida o‘tkazilgan mazkur tanlovda turli harbiy tuzilmalardan ishtirok etgan yetakchilar bellashishdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad  yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, harbiy jamoalarda ijtimoiy-faol muhitni mustahkamlash hamda tashabbuskor, mas’uliyatli va namunali yetakchilarni rag‘batlantirishdir.

[gallery-26436]

Ushbu tanlovda Mudofaa vazirligi, DXX chegara qo‘shinlari, Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona boshqarmalari ro‘yxatidan 15 nafar yetakchi ishtirok etdi. Ular loyihalar taqdimoti, hujjat yuritilishi, fotoalbomlar, test sinovlari va amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha baholanishdi.

— Tanlovning asosiy qimmati — har bir boshlang‘ich tashkilotdagi yoshlar yetakchilarining qobiliyatlarini ochish.  

Harbiy jamoalarda yoshlar bilan ishlash mas’uliyat talab qiladi, shu bois yetakchi tashabbuskor, namuna bo‘la oladigan va jamoani birlashtira oladigan darajada bo‘lishi zarur, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashining harbiy qismlardagi  boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda  yoshlarni harbiy  vatanparvarlik  ruhida tarbiyalash bo‘limining boshlig‘i podpolkovnik Rahmonjon Ochilov.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, birinchi o‘rin Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism yoshlar yetakchisi mayor Nuriddin Odilovga nasib etdi. Endi u respublika bosqichida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladi.  

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi yoshlar yetakchisi kapitan Sherali Muyassarov hamda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yoshlar yetakchisi leytenant Sardorbek Safarovlar qo‘lga kiritishdi.  

G‘oliblar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari