FOTOREPORTAJ
Termiz shahrida “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar “Oilam mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim dilbandim”, “San’atim-saodatim” shartlari bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini ishga solgan holda g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Milliy an’ana va qadriyatlarimiz ruhi aks etgan bellashuvda har bir oila o‘z chiqishi orqali oila ma’naviyati, madaniyatini eng go‘zal ko‘rinishlarda ifoda etib, muqaddas qo‘rg‘onning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berdi.
[gallery-11236]
She’r, qo‘shiq aytish va sahna ko‘rinishini ijro etish bobida hatto professionallar bilan bellashadigan ishtirokchi ota-onalar va ularning farzandlari qobiliyatiga, iste’dodiga tahsinlar aytildi. Shuningdek, ishtirokchilarning kuy-qo‘shiq va raqslar ijrosi yuksak baholandi.
Tanlovda kichik serjant Umidjon Karimov oilasi g‘olib bo‘ldi. Kichik serjant Davron Xushvaqtov oilasi ikkinchi va III darajali serjant Nosirbek Qurbonov oilasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA