Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng munosiblar taqdirlanishdi
19:06 / 2025-08-23

Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi arafasida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda jurnalistlar, ijod ahli, turli tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etishdi.

Tantanada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ul kotibi Keldiyor To‘liyev, Sirdaryo viloyati hokimligi turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati mudiri Zafar Mirrahimov hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev tanlov yuksak saviyada, Nizom talablariga to‘liq rioya etgan holda o‘tkazilganini, g‘oliblarni aniqlash jarayoni adolat mezonlariga asoslangan tarzda amalga oshirilganini ta’kidlashdi.

Bu yilgi ko‘rik-tanlovda viloyatda faoliyat yuritayotgan 40 dan ortiq ijodkorlar ishtirok etib, 400 dan ziyod ijodiy ish taqdim etishdi. Shularning 200 dan ziyodi internet jurnalistikasi yo‘nalishidagi maqola va materiallardan iborat bo‘ldi. Barcha yo‘nalishlarda taqdim etilgan ishlar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholandi.

Natijalarga ko‘ra, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” nominatsiyasida — “Ma’rifat va yoshlar” gazetasi bosh muharriri Alisher Nurboyev, “Teleradio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishida — viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Nigora Imomqulova, “Internet jurnalistika” yo‘nalishida — Viloyat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan ishlash shu’basi boshlig‘i Ilg‘or Xalilov, “Publitsistik mavzudagi kitoblar muallifi” yo‘nalishida — O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Norinso Qosimova, “Tasviriy san’at, foto asarlar va dizayn ishlari” yo‘nalishida — “Mintaqa” MCHJ rahbari, fotomuxbir Mamatkarim Abdumo‘minov, Shoir va yozuvchilarning badiiy asarlari yo‘nalishida — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hakim Abdullalar tanlov g‘olibi deya e’tirof etildi.

G‘oliblarga Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan ta’sis etilgan diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

–  Bu tanlov nafaqat ijodkorlarni rag‘batlantiradi, balki ularni yanada mas’uliyatli va sermahsul mehnat qilishga undaydi, –  dedi g‘oliblardan biri, fotomuxbir Mamatkarim Abdumo‘minov. –  Asosiysi, bizning foto asarlarimiz va dizayn ishlarimiz orqali yurtimiz taraqqiyoti, olamshumul o‘zgarishlar, insonlarning hayotidagi quvonchli damlar o‘ziga xos tarzda aks ettiriladi. Bu muvaffaqiyat men uchun yangi ijodiy izlanishlarga yo‘l ochadi.

–  Mustaqillik — bizning eng ulug‘ va aziz boyligimiz. Jurnalist sifatida har bir maqolam orqali shu boylikni asrab-avaylash, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bilim va ma’naviyatini oshirishga hissa qo‘shishga intilib kelaman. Bu tanlovda g‘olib bo‘lish men uchun katta mas’uliyat, chunki bu yurtimiz istiqbolini yoritishda yanada faol va samarali ishlashim zarurligini eslatadi, –  deya ta’kidladi “Ma’rifat va yoshlar” gazetasi bosh muharriri Alisher Nurboyev.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri