Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatrida “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovlar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘layotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Mamlakatimizda oila va xotin-qizlar tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ayollarimiz har sohada faolliklarini namoyon etmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva. – Ular tomorqachilik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va albatta bekalik vazifalarini ham uddalashmoqda. Viloyatimizda 842 nafar rahbar, 71 nafar deputat, 2 nafar senator ayollarning borligi fikrimiz isbotidir.
“Yil ayoli” milliy tanlovi viloyat bosqichida ishtirok etgan 12 nafar ayollarning barchasi nizom talablariga rioya etgan holda o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
Tanlovda “Yilning eng olima ayoli”, “Yilning eng tadbirkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi” kabi 12 ta nominatsiyalar bo‘yicha viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va hakamlar hay’ati tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi birinchi bo‘lim boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Sanobar Abdurazzoqova 1-o‘rinni, Guliston shahar “Betonsanoat MCHJ” ijrochi direktori Hilola Obidova 2-o‘rinni, Guliston Davlat universiteti “To‘qimachilik va yengil sanoat texnologiyasi” kafedrasi dotsenti Nargiza Sherqulova 3-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy hokimlik”, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlat organi”, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT”, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik faoliyati sub’ekti”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV dastur”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi sayt”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
Sh.Suyarov,
Sh. Ortiqboyev, (suratlar) O‘zA