Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami oldidan an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz!” respublika ko‘rik tanlovining Xorazm viloyati bosqichi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
Tanlovning viloyat bosqichiga 100 dan ortiq ijodiy ishlar taqdim qilinib, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari, Radio televideniye ijodkorlarining materiallari, internet jurnalistikasi, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, tasviriy san’at, foto va dizayn ishlaridan iborat 6 yo‘nalishdagi ishtirokchilardan g‘oliblar saralab olindi.
“Xorazm haqiqati” – “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova, Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining muharrirlari Shahnoza Qalandarova, Suhbat Matkarimov, “8 TV” xususiy telekanali muxbiri Husnora Rustamova, “S Ikbol” teleradiokanali muxbiri Sevara Rahmatullayeva va boshqa yozuvchi, shoir, rassomlar ijodiy ishlari munosib e’tirof etildi.
– Mazkur tanlovda har yili faol qatnashishga harakat qilaman, – deydi Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining muharriri Suhbat Matkarimov. – Bu galgi tanlovda ham 2022 yilning 1 avgustidan 2023 yilning 1 avgustiga qadar Xorazm radiosida efirga uzatilgan turkum radioeshittirishlarim bilan ishtirok etdim. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani mujassam etishga, yangilanayotgan mamlakatimizda ro‘y berayotgan katta o‘zgarishlarni xalqimizga, radiotinglovchilarga yetkazib berishga harakat qildim. Kichik mehnatim, katta e’tirofga sazovor bo‘lganidan juda xursandman.
[gallery-13230]
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat) O‘zA.