Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan "Vatan taqdiri mening qo‘limda" mavzusidagi insholar ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlodni puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘quvchi yoshlarning Vatanga muhabbat, uning taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ruhida tarbiyalashga, qolaversa, ularning ijodiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan "Vatan taqdiri mening qo‘limda" mavzusidagi insholar ko‘rik-tanlovi ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tanlovining tuman, shahar, viloyat bosqichlarida qariyb 1,5 ming nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etdi. Viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng iqtidorli yoshlar Andijonda jam bo‘lib, tanlovning respublika bosqichida o‘z bilim va imkoniyatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-9506]
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Xorazm viloyati vakilasi Rayyona Oktyabrova 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Samarqand viloyati vakilasi Bonu Ziyatovaga, uchinchi o‘rin esa namanganlik Dilrabo Abdumajitovaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari Andijon shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi. Xususan, go‘zal Bog‘i Boburda joylashgan “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi, shuningdek, Andijon shahridagi “UzTongXong Ko” hamda “UzDonYangKo” qo‘shma korxonalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA