Andijon shahridagi Z.M.Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazida mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Tanlov ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova va boshqalar tomonidan mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga ijod ahlining qo‘shayotgan beqiyos hissasi, yurtimizda ijodkorlarning samarali ijod qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda mazkur tanlov muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Ijodiy tanlovda 21 nafar shoir va yozuvchining 30 dan ortiq kitobi va boshqa ijodiy ishlari, 28 ta bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillarining 240 ga yaqin maqola, ko‘rsatuv va boshqa ijodiy materiallari, internet-jurnalistikasi vakillarining 50 dan ortiq, shuningdek, 20 ga yaqin musavvir, xalq amaliy san’ati vakillari, fotograf va dizaynerlarning 150 dan ortiq ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.
[gallery-8685]
Tanlovda qatnashchilarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ularda istiqlol xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanligi, mustaqillik yillarida yurtimizda, xususan, Andijonda qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning mazmun-mohiyati, bunyodkorlik ishlari, boy tariximiz, xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlari ko‘rsatib berildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farid Usmon, teleradio yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston teleradiokompaniyasi viloyat muxbiri Ibrohimjon Zufarov, bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, jurnalistlarning ijodiy ishlari yo‘nalishi bo‘yicha “Andijonnoma” gazetasi tahririyati, internet jurnalistikasi bo‘yicha O‘zbekiston Milliy axborot agentligi viloyat muxbiri Faxriddin Ubaydullayev, tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishi bo‘yicha dizayner Maribjon Ro‘ziboyev hamda musavvir Azizbek Jabborov taqdim etgan asar va ijodiy ishlari bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Mamlakatimiz mustaqilligi, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xalqimiz ma’naviyatidagi yuksalishlar keng yoritilgan ijodiy ishlarim bilan qatnashdim, – deydi tanlovning teleradio yo‘nalishi g‘olibi Ibrohimjon Zufarov. – Ijodiy ishlarim e’tirof etilib, g‘olib bo‘lganligimdan behad xursandman. Bu menga kuch va ilhom bag‘ishlaydi, kelgusida yanada faol ishlashga undaydi.
Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Z. Umrzoqov, O‘zA