Navoiy viloyatida Adliya boshqarmasi tasarrufidagi muassasalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning kasbiy bilim va malakasini, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, faol, yetakchi xodimalarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Adliya ayoli” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning viloyat bosqichida 15 nafar xotin-qiz ishtirok etdi.

– “Adliya ayoli” tanlovi o‘z nomi bilan e’tirofga sazovor, – deydi viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dildora Kattayeva. – Tanlovimizda jamiyatda o‘zining ilg‘or fikri, keng dunyoqarashi va huquqiy bilimi bilan ajralib turadigan xotin-qizlarimiz ishtirok etdi. Nafosat bellashuvi tizim xodimlarining kasbiga bo‘lgan sadoqati, jonkuyarligi, bekalik mahoratiga ko‘zgu tutdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Test sinovlarida ishtirokchilar mehnat faoliyatiga oid savollarga javob izladi. Ayniqsa, jamiyat rivoji va xalqqa oson bo‘lishi uchun qabul qilinayotgan qonunchilikka berilgan takliflar hakamlar hay’atida katta qiziqish uyg‘otdi. Eng so‘nggi shartda esa xotin-qizlarning bekalik qobiliyatiga baho berildi.
Hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra, Xatirchi tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti Marjona Sanaqulova birinchi, Uchquduq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti Dildora Rustamova ikkinchi va viloyat idoraviy notarial arxiv ish yurituvchisi Dilsora Eshmirzayeva uchinchi o‘ringa munosib topildi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA.