Andijonda mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stol tennisi musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning bir qator turlari bo‘yicha musobaqalar, turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Stol tennisi musobaqasining viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahallalar jamoalari tarkibida 96 nafar yigit-qiz uchta - 16-21 yosh, 22-26 yosh va 27-30 yosh toifasida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-, 2- va 3- o‘rinni egallagan 18 nafar ishtirokchi musobaqaning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA