Andijonda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining jamoatchilik muhokamasi shaklidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmatulla Arziyev, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, adliya boshqarmasi mutaxassislari, milliy-madaniy markazlar, qator nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
– Jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublika Ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rivojlanish muammolarini o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan monitoring yakunlarini muhokama etish, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senatining a’zosi Matlubaxon G‘aniyeva. – Shu bilan birga viloyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari hamda milliy-madaniy markazlar bo‘limlarining faoliyat samaradorligini oshirish va yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Jamoatchilik muhokamasida dastlab “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida o‘tkazilishi belgilangan konferensiyalarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Ma’lumki, joriy yilning 28 yanvar kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot Strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, uning 73-maqsadida respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiya va anjumanlarni o‘tkazish masalalari belgilangan.
[gallery-9295]
Yig‘ilishda viloyatda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar hamda milliy-madaniy markazlar rahbarlariga shu yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladigan konferensiya va anjumanlarga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish, millatlar o‘rtasida totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlik, madaniyatlararo muloqot va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohalarida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ilmiy-ommabop va tahliliy materiallar tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishlari yuzasidan maslahat va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi direktori Zarduna Ismoilovaning viloyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari hamda rus, qirg‘iz, uyg‘ur, koreys va arman milliy-madaniy markazlarning viloyat bo‘limlari uchun ajratilayotgan davlat subsidiyalari axboroti tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan yurtimizda keyingi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslar, imkoniyati cheklangan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, ularni davlat tomonidan ijtimoiy, iqtisodiy, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Majlisda Jamoat fondi tomonidan nodavlat tashkilotlarga subsidiya ajratish tartib-taomillari, ajratilgan subsidiya mablag‘larining miqdori, ularni belgilangan smetalarga muvofiq sarflanishi yuzasidan qo‘yiladigan talablar hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishini monitoring qilish tartibi yuzasidan ham batafsil tushuntirishlar berildi.
Yig‘ilishda viloyatda faoliyat yuritayotgan NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanish muammolarini o‘rganish maqsadida respublika Ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va monitoring natijalari muhokama qilindi. Bu borada amalga oshirilayotgan ibratli ishlar bilan birga, o‘rganilgan ob’ektlarda qator kamchilik va muammolar mavjudligi, ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftarga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini hal etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilishi alohida qayd etildi.
Jamoatchilik muhokamasi davomida ishtirokchilar tomonidan sohadagi mavjud kamchiliklar, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA