Eng kuchli velosportchilarimiz saralanmoqda
Farg‘ona viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda. Mazkur chempionat Xalqaro velosipedchilar ittifoqi tomonidan tuzilgan kalendarda ro‘yxatga olingan bo‘lib, sportchilarimiz uchun zarur reyting ochkolarini qo‘lga kiritishga yordam beradi.
Musobaqaning shosse yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik poygalarining erkaklar o‘rtasidagi bahslarida Nikita Svetkov, Dmitriy Bocharov va Murodjon Xolmurodov shohsupaga ko‘tarildi. Ayollar orasida esa kutilganidek Yanina Kuskova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Shuningdek, Asal Rizayeva hamda Samira Ismoilova yakkalik poygalarida kumush hamda bronza medaliga ega chiqdi.

O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur mamlakat birinchiligining bugungi bellashuvlarida velosportchilar jamoaviy poygalarda medallar uchun raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA