Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining so‘nggi kuni ham shiddatli bahslar ostida o‘tdi.
Qizg‘in va murosasiz bellashuvlarda terma jamoa yetakchilari o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqladi. Xususan, Omonjon Otajonov, Nazarali Nazarov, Najmiddin Qosimjonov, Jasurbek Jaysunov, Shohjahon Karimboyev, Laylo Zayniddinova, Madina Mirabzalova, Feruza Sodiqova, Ozoda Sobirjonova, Gulsanam Alijonova hamda Iroda Mirtojiyeva o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini yengib, mamlakat chempioniga aylandi.


Musobaqa yakunida shohsupaga ko‘tarilgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan taekvondochilar orasida eng yaxshi natija qayd etganlar terma jamoa safiga qo‘shildi va endilikda ular kelasi yilgi nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etish uchun o‘z mahoratlarini yanada oshiradigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA