Poytaxtimizdagi Bo‘zsuv kanalida slalomda eshkak eshish bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatidan 150 nafardan ziyod slalomchilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston kubogining S-1 yo‘nalishida Abubakir Bo‘kanov, Ibrohim Nosirjonov va Sherzod Qurbonaliyev erkaklar orasidagi bellashuvlarda shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, ayollar orasida Olesya Gudkova, Asal Komilova hamda Sevara Ashermatova g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
K-1 yo‘nalishidagi bellashuvlarda Samandar Saydullayev oltin, Jonibek Temirg‘aliyev kumush va Doniyor Islomov bronza medaliga ega chiqdi. Ayollar bahsida Olesya Gudkova mazkur yo‘nalishda ham g‘olib bo‘ldi. Uning ortidan marraga Sevara Bahriddinova hamda Sevara Akbarova kirib keldi.
Quvonarlisi, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan ekstrim slalom joriy yildan boshlab musobaqalar taqvimiga kiritilgan va mazkur sportchilarimiz ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahoratlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA