Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng kuchli qizlar jamoasi aniqlandi
11:55 / 2026-02-18

Yangiyer shahrida “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” doirasida o‘quvchi qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha Sirdaryo viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Asosiysi, musobaqa qizg‘in bellashuvlar, murosasiz kurashlar va do‘stona muhitdagi o‘yinlarga boy bo‘ldi.

Mazkur musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi umumta’lim maktablarining 7–11-sinf o‘quvchilaridan tarkib topgan, futbolsevar va sportchi qizlar jamoalari ishtirok etdi. Har bir jamoa o‘z hududida saralab olingan bo‘lib, musobaqa viloyat miqyosidagi eng kuchli jamoalarni aniqlashga xizmat qildi.

– To‘g‘risini aytganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qizlar sportiga, xususan, futbolga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada oshmoqda, – dedi mazkur musobaqaning qur’a tashlash marosimida ishtirok etgan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov. – Qizlar futboli nafaqat jismoniy chiniqish, balki iroda, jamoaviylik, tezkor fikrlash va yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Muhimi, bunday musobaqalar orqali qizlar o‘rtasida sport madaniyati yuksaladi, sog‘lom turmush tarzi targ‘ib etiladi va eng asosiysi — iqtidorli sportchilar kashf etiladi. Kelgusida ularning professional sportga qadam qo‘yishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Guliston shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi. Ular yuqori texnika, tezkorlik va jamoaviy o‘yin namoyish etishib, viloyat chempionlariga aylanishdi hamda poytaxtda bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.

2-o‘rin Sardoba tumani 3-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga berildi. 3-o‘rinni esa Sirdaryo tumani 30-sonli umumta’lim maktabi jamoasi egallashdi.

Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindor jamoalar kubok, esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.

Mazkur musobaqa nafaqat eng kuchli jamoani aniqladi, balki Sirdaryoda qizlar futboli jadal rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

G‘ulom Primov, Anvar To‘ychiyev (surat) O‘zA