Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng kuchli mahalla jamoasi aniqlandi
10:09 / 2024-07-23

Davlatobod tumanidagi “Markaziy” o‘yingohda mahalla yoshlar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun mini futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan an’anaviy turnirning Namangan viloyati bosqichi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, futbolga mehr qo‘ygan yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur musobaqaning mahalla, sektor, tuman, shahar bosqichlarida viloyatdagi mavjud 788 mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalari bahslashdi.  

Tadbirda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov, Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Alisher Erkayev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Odil Ahmedov yurtimizda millionlar o‘yinini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.  

Shundan so‘ng uchinchi o‘rin uchun maydonga Chust tumani Mahshad mahallasining “Mahshad” va Pop tumani Marg‘izor mahallasining “Marg‘izor” jamoalari tushdi. Unda 3:2 hisobida chustlik yoshlar g‘olib bo‘lib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Turnirning hal qiluvchi uchrashuvida Chortoq tumani Laskidon mahallasining “Laskidon” va To‘raqo‘rg‘on tumani “Bog‘ishamol” mahallasining “Bog‘ishamol” mahallasi jamoalari bellashdi. Murosasiz o‘tgan o‘yinda 2:1 hisobi qayd etildi va chortoqlik yosh charm to‘p ustalari “DXX kubogi”ni qo‘lga kiritdi.  

Musobaqaning taqdirlash marosimida “DXX kubogi” turnirining o‘smirlar ishtirokidagi g‘oliblari hamda qizlar o‘rtasida sovrindor bo‘lgan Uychi tumani Yangi hayot mahallasi, Kosonsoy tumani Yangi shahar mahallasi va Uchqo‘rg‘on tumani Istiqbol mahallasi jamoalariga turnir tashkilotchisi tomonidan kubok, diplom, medallar va qimmatbaho sovg‘alar taqdim qilindi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.