Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng kuchli jamoalar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi
14:49 / 2025-05-20

Futbol, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun o‘tkazilayotgan musobaqaning Xonobod shahar bosqichi g‘olib va sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi.

Futbolni rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, mahalla yoshlarini sog‘lom va barkamol voyaga yetishlarini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqaning shahar bosqichida shahardagi barcha mahallalar jamoalari faol ishtirok etdi. 

Futbol musobaqasida Kampirovot mahallasi jamoasi finalda Bunyodkor mahallasi jamoasini 7:1 hisobda mag‘lubiyatga uchratib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Musobaqada uchinchi o‘rin Xontog‘ mahallasi jamoasiga nasib etdi. 

Qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasi bahslarida Xidirsha mahallasi jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. A.Navoiy va Istiqlol mahallasi jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning mini futbol o‘g‘il bolalar bahslari qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tdi. Musobaqaning yarim finalida Yuksalish mahallasi jamoasi A.Navoiy mahallasi jamoasini 6:4 hisobda, ikkinchi juftlikda Anhor mahallasi jamoasi Yuksalish mahallasi jamoasini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘llanma oldi. 

A.Navoiy hamda Yangi hayot mahallasi yoshlari o‘rtasidagi uchinchi o‘rin uchun bahsda 4:1 hisobida Yangi hayot jamoasi g‘olib chiqdi.

Anhor va Yuksalish mahallalari jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvining asosiy vaqti 8:8 hisobida yakuniga yetdi. Penaltilar seriyasida Anhor mahallasi jamoasi raqibini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Mahallaning yosh futbolchilari shahar bosqichi g‘olibi sifatida musobaqaning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Futbol, mini futbol bo‘yicha DXX kubogi shahar bosqichi g‘olib va sovrindorlari kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Taqdirlash marosimi doirasida konsert dasturi namoyish etildi.

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari