Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng kuchli dzyudochilarimiz aniqlanmoqda
10:51 / 2023-12-07

Poytaxtimizdagi "Yunusobod" sport saroyida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda.

Mazkur chempionat O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan yurtimizda Olimpiya sport turlaridan joy olgan dzyudoni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, yosh sportchilarni terma jamoaga qo‘shish va ular orasidan iqtidorlilarini saralash hamda kelgusi musobaqalarga puxta tayyorlash maqsadida tashkil etildi.  Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan jam bo‘lgan sara dzyudochilar uch kun davomida jami 14 ta (7 ta ayollar, 7 ta erkaklar) vaznda o‘zaro raqobatlashadi.  

Dastlabki kungi bahslarda erkaklar 60, 66, ayollar esa 48, 52 vazn toifalarida bellashdi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi 52 kilogrammgacha vazn toifasida Gulhayo Jo‘rayeva (Qashqadaryo), Sitora Elmurodova (Toshkent), Zuxra Ma’murjonova (Andijon) va Muhayyo Ahmatova (Qashqadaryo) shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, 48 kg vaznda Ulbusin Hakimova (Sirdaryo), Sevinch Murodova (Jizzax), Durdona Ergashboyeva (Andijon), Marjona Salohitdinova (Surxondaryo) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 

Erkaklar orasida  66 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Abdurahim Nutfullayev (Toshkent vil.) barcha raqiblarini yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bobur Vadjiyev (Toshkent vil.) finalga qadar muvaffaqiyatli yetib bordi va kumush medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu vaznda Dilshod Yo‘ldoshev (Qashqadaryo) hamda Zamahshariy Bekmurodov (Buxoro) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 60 kg vazn toifasida esa Doston Ro‘ziyev (Qashqadaryo) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Unga finalda qarshilik qilgan Kamoliddin Baxtiyorov (Qashqadaryo) ikkinchi, yarim finalga qadar yetib borgan Anvar Ibrohimov (Buxoro) va Imomaddin Karimov (Xorazm) uchinchi o‘rinni egalladi.  

Chempionat davom etmoqda.  

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA