Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda “Bahodirlar o‘yini musobaqasi” bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqa ishtirokchilari beshta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Joriy yilda ilk marta o‘tkazilayotgan sport o‘yinining dastlabki shartida 32 kilogrammli toshni qo‘lda eng ko‘p baland ko‘tarib, yerga qo‘ygan, ikkinchi shart bo‘yicha 50 kilogramm og‘irlikdagi shtangani ikki qo‘llab ushlagan holda bir daqiqa ichida yerdan beligacha eng ko‘p ko‘targan, uchinchi shartda og‘ir yuk mashinasining 200 kilogrammli pokrujkasini bir daqiqada joyidan ko‘tarib va yotqizib eng uzoq masofaga olib borgan Vatan himoyachilari g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, ishtirokchilar 50 kilogramm og‘irlikdagi yukni 20 metr masofaga qisqa vaqtda tez ko‘tarib kelish va nihoyat 700 kilogramm yuk ortilgan “UAZ” rusumli avtomashinani arqonga bog‘lab, bir daqiqada ko‘proq masofaga yetaklab borish bo‘yicha ham o‘zaro kuch sinashdi.
– Bu musobaqa ilk marta o‘tkazilmoqda, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Ma’rufjon Olimov. – bugungi saralash bosqichida harbiy qismimiz sharafini himoya qiladigan bahodir o‘g‘lonlarimiz o‘z kuchini dastlabki sinovdan o‘tkazdi. Eng chaqqon va kuchlilar g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Endilikda ular harbiy qismlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi bosqichga jiddiy hozirlik ko‘radi.
– Odatda har bir harbiy xizmatchi og‘ir toshni ko‘tarib o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qiladi, – deydi musobaqa bosh hakami, mayor Doniyor Xoldorov. – Albatta bu harakatni amalga oshirish oson emas. Bunda sportchidan kuchli iroda, jismoniy baquvvatlik talab etiladi.
Kelgusida bahodirlar o‘yini musobaqasi ham harbiylar uchun o‘z kuch va irodasini keng namoyish etadigan qiziqarli bellashuvlardan biriga aylanadi. Musobaqa yakunida kichik serjant Yunusali Yunusaliyev mutlaq g‘olib bo‘ldi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Murodjon Lutfiddinov ikkinchi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Abdumo‘min Shoydullayev uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘a va diplomlar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA