Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ko‘p tug‘ilish Urgutda, eng ko‘p nikoh Samarqand shahrida qayd etildi
17:15 / 2021-10-20

Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov ishtirokida davlat xizmatlari markazlarining joriy yil to‘qqiz oydagi faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, yilning o‘tgan davrida davlat xizmatlari markazlari tomonidan 592 ming 614 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 113 mingtaga ko‘p demakdir.

Markazlar xodimlari tomonidan olis va chekka hududlar, aholi gavjum bo‘lgan joylarda 20 mingdan ortiq davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatilgan To‘qqiz oy davomida 89 ta vakolatli organlarning aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyati monitoring qilinganda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 9347 ta qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Xususan, 8651 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 242 holatda ortiqcha hujjat talab qilib olingan, 277 ta murojaat asossiz rad etilgan. Eng ko‘p qonunbuzilish holatlari sog‘liqni saqlash muassasalari (2407 ta), Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari (1784 ta) tomonidan yo‘l qo‘yilgani kuzatildi.

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 208 nafar aybdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

- Prezidentimizning joriy yil 23 martdagi farmoni bilan 2021 yil 1 iyundan aholi va tadbirkorlardan 18 turdagi hujjat hamda ayrim ma’lumotnomalarni talab qilish tartibi bekor qilingandi – dedi M.Qurbonov. – Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur hujjat va ma’lumotnomalarni mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimida idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi lozim. Biroq shunga qaramay, qator davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan ushbu hujjatlarni talab qilish holatlari kuzatilmoqda. Natijada 1 iyundan boshlab hozirga qadar viloyatimizdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolar tomonidan 17376 ta ana shunday hujjat va ma’lumotnomalar olingan.  

Xususan, narkologiya dispanseri hisobida turish yoki turmasligi to‘g‘risida 4730 ta ma’lumotnoma berilgan. Ularning 1416 tasi ichki ishlar organlari, 1250 tasi tibbiyot birlashmalari va muassasalari, 534 tasi mudofaa organlari, 247 tasi mehnat va bandlik organlari, 216 tasi mahalliy hokimliklar, 132 tasi oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari, 310 tasi xalq ta’limi muassasalari tomonidan so‘ralgan. Shuningdek, fuqarolardan yashash manzili to‘g‘risidagi, o‘lim ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi hamda nikoh tezlashganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni ham talab qilish bekor qilingan. Shunday bo‘lsa-da, 462 holatda yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotnoma talab qilingan.

O‘tgan davr mobaynida FHDYO bo‘limlari tomonidan 82477 ta tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari rasmiylashtirilib, 15872 ta holatda o‘lim dalolalatnoma yozuvlari qayd etilgan. Shuningdek, 24333 ta nikoh hamda 3057 ta nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari rasmiylashtirilgan.

Eng ko‘p tug‘ilish Urgut tumanida (11914 ta), eng kami Nurobod tumanida (2661 ta) qayd etildi.

Nikoh esa eng ko‘p Samarqand shahrida (3206 ta) tuzilgan bo‘lsa, eng kami Kattaqo‘rg‘on shahrida (620 ta) bo‘ldi.

Matbuot anjumanida joriy yilning 1 noyabridan hamda 2022 yil 1 yanvardan joriy etiladigan yangi davlat xizmatlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA