Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ko‘p tanlov Davlat soliq qo‘mitasi tizimida o‘tkazilgan
19:21 / 2021-10-07

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilishning tashkil etilishi jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abbos Akramovning ta’kidlashicha, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz orqali 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 60 dan ortiq vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud 13ming 827 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlovlar e’lon qilingan. Vakant lavozimlarga jami 212 mingdan ziyod nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan. Eng ko‘p tanlovlar Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 2ming 243 ta, Xalq ta’limi vazirligi tizimida 1ming 915 ta va Moliya vazirligi tizimida 1ming 698 ta o‘tkazilgan.

Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari bo‘yicha ma’lumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, ya’ni har bir bosqich natijasi bo‘yicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Vacancy.argos.uz portalidagi davlat vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun bitta ariza kelib tushgan taqdirda, istisno tariqasida, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda tanlov komissiyasi rahbarining qarori bilan tanlov o‘tkazilishi mumkin.

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazishda komissiya tomonidan belgilangan talab va qoidalarga rioya etmaslik holatlari yuz berganda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tanlov natijasini to‘liq yoki qisman bekor qilish huquqiga ega.

Nomzod bir vaqtning o‘zida bitta davlat organi va tashkilotining uchtadan ortiq bo‘lmagan vakant lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etishi, shuningdek, test sinovlari bosqichida faqat bir marta qatnashishi mumkin.

Mohigul Qosimova, O‘zA