Adliya vazirligiga aholidan turli mavzularda savollar kelib turadi. Bu safargi savollarning asosiy qismi transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq holatlar haqida bo‘ldi. Savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi.
- Haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlar, ishonchnoma, sug‘urtani yonida olib yurishi talab etilmaydi?
- Joriy yil 30 noyabr kuni transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishga oid qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlarni, ishonchnomani va sug‘urtani yonida olib yurishi talab etilmaydi.
Bunda haydovchining pasport yoki ID-kartasi planshetlar va kompyuterlar vositasida foydalangan holda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tekshiriladi.
Ushbu tartib haydovchilarga transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ishonchnoma va sug‘urtani rasmiylashtirishdan ozod etmaydi. Ushbu hujjatlar albatta rasmiylashtirilishi shart. Biroq tekshirish jarayoni avtomatlashtirilishi munosabati bilan yonida olib yurmaganlik uchun javobgarlik kelib chiqmaydi.
Eslatib o‘tamizki, mazkur tartib 2022 yil 1 martdan boshlab o‘rnatiladi.
- Haydovchilar tezlikni oshirib yuborganida qayd etilgan tezlikdan 5 km/s chegirib tashlab, keyin hisoblanar ekan. Bunga sabab nima? Tezlik oshirilgani halokatlarga sabab bo‘ladiku.
- Bu yangilik Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilib, 2021 yil 30 noyabr kuni qabul qilingan “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda belgilandi.
Qonun bilan kiritilgan ahamiyatli o‘zgarishlardan biri bu haydovchilar belgilangan tezlikni oshirib yuborganida qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat chegirib tashlab jazo qo‘llanilishidir.
Boisi har qanday texnik qurilma tezlikni ko‘rsatishda adashishi mumkinligini barchamiz bilamiz. Bundan ko‘zlangan maqsad kelgusida fuqarolarni shu kabi holatlarda noo‘rin javobgarlikka tortilishining oldini olishdir.
- Mashina boshqarish paytida telefonda gaplashsa ham bo‘lar ekan. Shu to‘g‘rimi?
- Yuqorida qayd etilgan qonun bilan haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin bo‘ldi.
Kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga telefondan faqat “bluetooth”, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar orqali foydalanishga ruxsat berilmoqda.
Agarda haydovchilar rulda bo‘lgan vaqtida telefondan “bluetooth”siz, quloqchinsiz va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralarsiz foydalansa javobgar bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “endi mashina boshqarayotganda telefondan foydalanish mumkin” yoki “rulda bo‘lgan holda telefonda gaplashishga ruxsat berildi” kabi to‘liq bo‘lmagan, noxolis xabarlarga emas, rasmiy manbalarga tayanib ish ko‘rish maqsadga muvofiq.
- Men chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi edim. 1 dekabrdan boshlab, ko‘chma savdo ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish elektron bo‘lishi haqida o‘qidim. Shu haqida ma’lumot bersangiz.
- Dastlab ko‘chma savdo ob’ektlari nima ekanligi haqida ma’lumot berib o‘tsak. Qonunchilikka ko‘ra, ko‘chma savdo ob’ektlari – bu vaqtinchalik asosda joylashtirilgan va mavsumiy xususiyatga ega bo‘lgan, shuningdek, ish kuni yakunlangandan so‘ng ob’ektni ko‘chirish imkoni bo‘lgan ko‘chma savdo ob’ektlari (lotoklar, palatkalar, savdo aravalari, peshtaxtalar, avtodo‘konlar, avtotirkamalar, avtotsisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari).
Joriy yil 4 iyun kuni qabul qilingan ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etishga oid Prezident qaroriga muvofiq 1 dekabrdan boshlab ko‘chma savdo faoliyati bo‘yicha bir qator tartiblar belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlar tomonidan ko‘chma savdo ob’ektlarini elektron tarzda “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi. Ko‘chma savdo joyi ko‘chma savdo ob’ektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha “K – SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.
Bunda, auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi.
Auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga “K – SAVDO” AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.
- Yangi yil bayrami yaqinlashishi bilan voyaga yetmagan bolalar tomonidan turli pirotexnika vositalaridan foydalanish holatlari uchrab turadi. Qonunchilikdagi pirotexnika buyumlaridan foydalanish yoki sotganlik uchun qanday javobgarlik bor?
- Qonunchilikka ko‘ra, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik mavjud. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasida belgilanishicha, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga olib kirish yoki o‘tkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, 1 million 350 ming so‘mdan 5 million 400 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik aniqlanganda ma’muriy bayonnoma tuzishga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-1 – moddasiga asosan Milliy gvardiya organlari xodimlari vakolatli hisoblanadi.
N.Abduraimova, O‘zA