Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ko‘p mablag‘ aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan – “Vaqf” fondi
14:38 / 2023-01-18

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “Vaqf” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov o‘tgan 2022 yil davomida amalga oshirilgan xayriya ishlari xususida ma’lumotlar taqdim etdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 2022 yilda fond tomonidan xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 11 milliard 574 million so‘mdan ziyod mablag‘ xayriya sifatida sarflangan.  

Xususan, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 87 million 217 ming 520 so‘m, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 1 milliard 294 million 110 ming so‘m, masjidlar qurilishi uchun 436 million 960 ming so‘m, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 451 million 656 ming 250 so‘m sarflangan.  

Shuningdek, nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga turli moddiy ko‘rinishda berilgan yordamlar uchun 2 milliard 783 million 275 ming 801 so‘m, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 285 million 962 ming so‘m, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 4 milliard 346 million 902 ming so‘m, turli xayriya tadbirlari uchun 1 milliard 446 million 938 ming 600 so‘m, viloyat vakilliklarining ma’muriy xarajatlari uchun 131 million 257 ming so‘m, aholi uchun toza ichimlik suvi chiqarishga  299 million 378 ming 530 so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan.  

“Qur’oni karim va tajvid” kursi tinglovchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 10 million 800 ming so‘m mablag‘ xayriya tariqasida sarflangan. Bundan tashqari, yil davomida mamlakatimizning ichimlik suvi tanqis bo‘lgan turli hududlari, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ta, Qashqadaryo viloyatida 6 ta,  Farg‘ona viloyatida 2 ta, Toshkent viloyatida 1 ta jami 15 ta artezian va minorali suv inshootlari barpo etilib, aholiga xayriya sifatida taqdim etilgan.  

“Vaqf ko‘magi” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatlarining har biridan 30 tadan jami 60 nafar  qandolatchilik, tikuvchilik va hunarmandlik kasbiga ega ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga jami qiymati 215 million 623 ming so‘mlik kerakli asbob-anjomlar xayriya qilinib, ish bilan ta’minlandi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA