English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchiga 15 million so‘m mukofot beriladi
09:45 / 2020-11-08

Andijon viloyati Marhamat tumani hokimining tashabbusi bilan “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi” kitobxonlik tanlovi o‘tkazilmoqda.

Maktab, hududiy va tuman bosqichida o‘tkaziladigan tanlovda tumandagi umumta’lim maktablarining 7-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etadi.

– Kitob inson tafakkurini charhlovchi eng noyob vositadir, – deydi Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashev. – Kitob hamma davrlarda  insonlarga yaqin do‘st, hamroh va dono maslahatchi bo‘lib kelgan. Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda o‘quvchilar faol qatnashayotgani quvonarli.

Ayni paytda tumanda 45 ta umumta’lim maktabi bo‘lib, maktablarning 7-11 sinflarida qariyib 12 ming nafar o‘quvchi tahsil oladi.

Tanlov doirasida o‘quvchilarga o‘qib chiqilgan bo‘lishi kerak bo‘lgan mumtoz, zamonaviy o‘zbek adabiyoti, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara asarlari ro‘yhati tavsiya etilgan.

Yakunda tanlov g‘olibiga 15 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohibiga 10 million so‘m va uchinchi o‘rinni egallagan o‘quvchiga 5 million so‘m mukofot puli berilishi, shu bilan birga, o‘quvchilarning ustozlari ham rag‘batlantirilishi belgilangan.

– “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi” kitobxonlik tanlovining o‘tkazilayotganligidan men kabi ko‘plab o‘quvchilar juda xursand, - deydi tumandagi 43-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Xolmatjonova. - Chunki shaxsan men hozirga qadar juda ko‘p kitoblarni, xususan, tanlov doirasida o‘qish uchun tavsiya etilgan kitoblarning aksariyatini o‘qib chiqqanman. Tanlov biz - o‘quvchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini shubhasiz, yanada oshiradi.

Tanlovning yakuniy bosqichi Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkaziladi.