Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ko‘p kiberhujum O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSH hududidan amalga oshirilgan
10:38 / 2022-03-03

Mamlakatimizda o‘tgan yili xavfsizlik hodisasi sabab davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning veb-saytlari qariyb 17,5 ming soat vaqt to‘xtab qolgan.

Kiberxavfsizlik markazi «O‘zbekiston Respublikasida kiberxavfsizlikni ta’minlash» bo‘yicha 2021 yil uchun hisobotida O‘zbekiston milliy internet segmentida tahdidlar, zaiflik va yana bir qancha ma’lumotlarni ochiqladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning “.uz” milliy segmentida 100 015 ta domen ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 38 mingtaga yaqini faol. Faol domenlardan faqat 14 ming 14 tasi xavfsiz, ya’ni “SSL” xavfsizlik sertifikatiga ega.

Markaz tomonidan milliy segmentdan 17 milliondan ortiq zararli va shubhali tarmoq faolliklari bo‘yicha holatlar aniqlangan.

Mazkur faolliklarning ko‘pgina qismi, ya’ni 76 foizi bot-tarmoq ishtirokchilaridan iborat. Zararli va shubhali tarmoq faolliklarining asosiy soni milliy operatorlar va provayderlar foydalanuvchilari tomonidan kelib chiqqan.

Qolaversa, markazning veb-ilovalarni himoya qilish tizimi yordamida internet tarmog‘ining milliy segmentidagi veb-saytlarga qilingan 1,3 milliondan ortiq kiberhujumlar aniqlangan va bartaraf etilgan.

Eng ko‘p kiberhujum O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSH hududidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, davlat organlari veb-saytlarining xavfsiz ishlashi doirasida (hodisalar va insidentlarning kechayu kunduz monitoringida) 636 ta xavfsizlik hodisasi aniqlangan. Bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning veb-saytlari qariyb 1 million 48 ming 216 daqiqa ish faoliyatida bo‘lmaganlik (to‘xtab turish) vaqtini tashkil etadi.
“Uz” domen zonasi veb-saytlariga nisbatan sodir etilgan kiberxavfsizlik insidentlari monitoringi natijasida 444 ta insident qayd etilgan bo‘lib, ulardan eng ko‘pini ruxsatsiz kontentni yuklab olish – 341 tani va asosiy sahifaga ruxsatsiz o‘zgartirishlar kiritish (Deface) – 89 tani tashkil etgan.

Kiberxavfsizlik hodisalarini tekshirish natijalariga ko‘ra, xakerlik hujumlari muvaffaqiyatli amalga oshirilganining asosiy sabablari va usullari quyidagilardan iborat deb topilgan:

— veb-ilovalarda zaifliklarning mavjudligi, xususan, ularning o‘z vaqtida yangilanmagani (72 foiz),

— zaif parollardan foydalanish (25 foiz) va boshqalar.

Shu bilan bir qatorda, 97 foiz holatda noqonuniy faollik manbalari xorijiy mamlakatlarning manzil maydonlari ekani aniqlandi.


Shahnoza  Mamaturopova, O‘zA