Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoya tizimi xodimlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ularning bilim va salohiyatini oshirish maqsadida an’anaviy “Eng kitobxon ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida saralangan 27 nafar ijtimoiy xodim ishtirok etdi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar ijtimoiy himoya sohasiga oid ilmiy va badiiy adabiyotlardan tayyorlangan savollarga javob berib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini namoyon etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Qarshi shahrining “Darvozatutak” mahalla fuqarolar yig‘inida kompleks xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim Feruza Zarifova birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rin Qarshi shahri Amir Temur mahallasi ijtimoiy xodimi Gulibonu Jo‘rayevaga, uchinchi o‘rin esa Shahrisabz tumani Ommog‘on mahallasi ijtimoiy xodimi Nilufar To‘rayevaga nasib etdi.
G‘oliblar mos ravishda 10, 8 va 6 million so‘mlik pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, ularni kitob mutolaasiga keng jalb etish orqali xizmat samaradorligini oshirishdan iborat.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri