Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan eng kenja hudud sanaladi. Bu hududga shahar maqomi berilganiga va tuzilmalarning faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga endigina 4 yil bo‘ldi.
Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida G‘ozg‘on qo‘rg‘onida ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ko‘rsatmalarni bergan edi. Faollar bilan uchrashuvda esa G‘ozg‘onga shahar maqomini berish taklifini ilgari surildi. Natijada 2019 yil 3 mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq, Navoiy viloyatida G‘ozg‘on shahri tashkil etilib, bugungi kunda bu yerda 10 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida hududda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yirik sanoat korxonalari ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yartilyapti.
G‘ozg‘on shahar hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan press-tur davomida OAV vakillari shaharda tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob’ektlari va “G‘ozg‘on” MCHJda mehnat qilayotgan cho‘ponlar hayoti bilan tanishdi.
Press tur ishtirokchilari dastlab “Marmarobod” mahallasi hududida tashkil etilgan marmar va granit ishlab chiqarish korxonalari – “Gazgan Stone Invest” MCHJ QK, “Gazgan Grand Granite” MCHJ va “Edifice - Aaspire” MCHJ QKda bo‘lishdi.
“Edifice – Aaspire” MCHJ QK 2022 yil iyul oyida ishga tushirilgan bo‘lib, bu yerda marmar va granit plitalar ishlab chiqariladi. Loyihaning umumiy qiymati 31,5 milliard so‘m bo‘lib, uning 2,6 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya, 2,1 milliard so‘mi esa tijorat banki mablag‘laridir.
– Korxonamizning yillik ishlab chiqarish quvvati 148 ming metr kvadratni tashkil etadi, – deydi ish boshqaruvchi Kunal janoblari. – Ishlab chiqarish uskunalri Hindistondan olib kelingan. Bu yerda 10 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib mahsulotlarimiz 100 foiz eksportga yo‘naltiriladi.
G‘ozg‘on shahri tashkil etilgandan keyin asosiy e’tibor yangi ish o‘rinlari yaratishga qartildi. Shaharda mehnat resurslari soni 4 ming 877 nafarni, iqtisodiy faol aholi soni 3 ming 925 nafarni, jami band aholi soni esa 3 ming 617 nafarni tashkil etadi. Ishsizlik darajasi 7,8 foiz. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2022 yilda jami 1700 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
“Premier textile” xususiy korxonasida tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 10,5 milliard so‘m bo‘lgan korxonada 150 nafar ishchi-xodim faoliyat olib bormoqda.
– Korxonamiz 2022 yilda o‘z faoliyatini boshladi, – deydi ish boshqaruvchi Gulchehra Tosheva. – Bu yerdagi zamonaviy uskuna va jihozlar Xitoy davlatidan keltirilgan bo‘lib, yiliga 70 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mahsulotlarimiz 100 foiz Rossiya davlatiga eksport qilinadi.
Korxonada nafaqat g‘ozg‘onlik xotin-qizlar, balki qo‘shni Nurota tumanidan ham hotin-qizlar kelib ishlaydi. Ularning kelib ketishi uchun maxsus transport vositasi ajratilgan. Bepul tushlik tashkil etilgan.
– Men bu yerda ish boshlaganimga endigina bir oy bo‘ldi, – deydi tikuvchi Shahnoza Berdiyeva. – “Ayollar daftari” da ro‘yxatda turar edim. Dastlab uch oy davomida maxsus tikuvchilik kursida kasb o‘rgandim. Hozirda doimiy ish bilan ta’minlandim. Bilmaganlarimni korxonadagi mohir tikuvchilardan o‘rganmoqdaman. Tikuvchilar uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. Kelib-ketish uchun avtobus ajratilgan. Oilamga iqtisodiy yordamim tegayotganidan mamnunman.
bugungi kunda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish muhim vazifalardan biri sanaladi. Shaharda 12 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning 4 tasi davlat, 8 tasi oilaviy bog‘chalardir. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jami 760 nafar tarbiyalanuvchi jalb etilgan. Qamrov darajasi 90,5 foizni tashkil etmoqda.
[gallery-10827]
– Bizning bog‘chamiz 2021 yil oktyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, 100 o‘ringa mo‘ljallangan, – deydi “Marmarobod” mahallasida tashkil etilgan “Aqlvoy” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Farida Rahmatova. – Hozirda 4 ta guruhda 86 nafar kichkintoy “Ilk qadam” dasturi asosida ta’lim-tarbiya olmoqda Bolajonlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Turli xorijiy til va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“Nurota qorako‘l” klasteriga qarashli “G‘ozg‘on” MCHJda mavjud 32 ta otarda 18 ming 503 ta mayda shoxli mol boqilmoqda. Ularning 10 ming 297 tasi ona qo‘ylardir. Har bir otarda yetarli darajada dag‘al xashak jamg‘arilib, omuxta yem yetkazib berilganligi bois qishning sovuq kunlaridan betalofat chiqildi. Barcha cho‘pon uylari ta’mirdan chiqarilgan.
Farhod Karimov 5 yildan buyon bosh cho‘ponlik qilib keladi.
– Cho‘ponlik kasbi bizga bobomeros ish. Men to‘rtinchi avlodman, – deydi F. Karimov. – Otarimizda 1000 ta mayda shoxli mol bo‘lib, uning 700 boshi ona sovliq. Qishlovga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rganimiz bois, bahorga ham betalofat yetib keldik. Joriy yil tul mavsumida 100 foiz qo‘zi olishni rejalashtirganmiz.
Press-tur ishtirkchilari cho‘ponning otlariga qiziqib qolishdi. “Merlin”, “Snikers” laqabli otlar “Qo‘yib yuborsang osmonga uchaman, deydi. Tuyog‘idan o‘t chaqnaydi”.
– Qirda o‘tlab yurgan tuyalar solimga kelgan. O‘tkaziladigan uloq-ko‘pkari musobaqalarida qatnashib turaman. Mana shu otlarda chopib, ularni qo‘lga kiritganman, – deydi Farhod.
Har bir hududning obro‘-e’tiborli, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlari bo‘ladi. Hozirda 102 yoshni qarshilagan Tursunqul bobo Ergashev G‘ozg‘onning faxri. Otaxon qariyib 50 yil davomida o‘qituvchilik qilgan. 25 yil jamoatchilik asosida “Nuroniy” jamg‘armasini boshqargan. 6 o‘g‘il, 1 qizni Obod aya bilan tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishdi.
Tursunqul Ergashevning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Otaxon “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Jasorat” medali va “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
OAV vakillari otaxon xonadonida bo‘lib, dildan suhbat qurishdi. Ishtirokchilarni boboning 4 yoshli chevarasi Ismoil shaxdam qadamlar tashlab kutib oldi.
– G‘ozg‘on – pirlar yurti. Bu zaminning tuprog‘i ham, toshi ham, tarixi ham bebaho. Bularning har birini asrab-avaylash bugungi avlod zimmasidagi burch ekanligini hech qachon unutmaslik lozim, – deydi Tursunqul bobo. – G‘urur bilan aytishim mumkinki, men ana shu zaminda tug‘ilganimdan, yashayotganimdan faxrlanaman. Urush davrini ko‘rdik. Qonli urushda ishtirok etib, uning og‘ir kulfatlarini boshdan kechirdik. 1941 yilda urushga ketib, Rossiyaning Janubiy Ural harbiy okrugida xizmat qildim va Donbass, Kiyevni ozod qilishda, Chexoslovakiya janglarida ishtirok etdim. Janglarda yaralangach, gospitalda davolanib, 1945 yil 31 aprelida G‘ozg‘onga qaytib keldim. Urushdan keyin pedagogika bilim yurtida o‘qib, ko‘p yillar o‘qituvchilik qildim. Tarix fanidan yoshlarga saboq berdim. Ortda qolgan hayotimga nazar tashlar ekanman, ne-ne qiyinchiliklar, muammolar ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tadi. Farzandlarimning, nevara-chevaralarimning kamolini ko‘rganimda esa qalbimdagi og‘ir dardlarni unutib, shukronalik keltiraman. Yurtimizdagi, ayniqsa, o‘zim tug‘ilib o‘sgan jonajon maskan – G‘ozg‘onda bo‘layotgan yuksalishlar, odamlarning turmushi yil sayin o‘zgarib borayotgani meni quvontiradi. Hamisha Yaratgandan tilaymanki, bu zaminga aslo ko‘z tegmasin.
Press-tur ishtirokchilari otaxonning duosini olib, unutilmas taassurotlar bilan ortga – Navoiy shahriga qaytishdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA