Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng kam ish haqini o‘rnatish to‘g‘risida”gi xalqaro Konvensiya xodimlar manfaatlarini himoya qiladi
18:06 / 2023-01-20

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Xalqaro mehnat tashkilotining “Eng kam ish haqini o‘rnatish to‘g‘risida”gi Konvensiyasi mazmun-mohiyati va uni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Qo‘mita raisi Mavluda Xo‘jayeva mamlakatimizda mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, eng kam ish haqini belgilash masalasi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ham nazarda tutilganini ta’kidladi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Eng kam ish haqini o‘rnatish to‘g‘risida”gi Konvensiyasini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish, keyin ratifikatsiya qilish borasida ekspertlar va soha vakillarining fikr-mulohazalarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.  

—   bugungi kunda dunyodagi 187 ta davlat Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo hisoblanadi, — dedi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Adham Nazirqulov. — Mazkur tashkilot 189 ta Konvensiya qabul qilgan. Hozirga qadar O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta konvensiya va 1 ta bayonnomasi ratifikatsiya qilingan. Tashkilotning “Rivojlanayotgan davlatlarning alohida xususiyatlarini hisobga olgan holda eng kam ish haqini o‘rnatish to‘g‘risida”gi 131-sonli Konvensiyasi 1970 yil 22 iyunda tashkilotning 54-sessiyasida qabul qilingan. Mazkur Konvensiya 52 ta a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, shundan 11 ta davlat 2000 yildan keyin ratifikatsiya qilgan. 

[gallery-10334]

Konvensiyada eng kam ish haqi qonun kuchiga ega ekanligi va kamaytirilmasligi, bu qoidaga amal qilmaslik mas’ul shaxsga yoki ish beruvchilarga nisbatan tegishli jinoiy yoki boshqa javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilangan. Ya’ni, Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlat eng kam ish haqi miqdorini vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqishi kerak. Uning miqdorini kamaytirmaslik, aksincha, ko‘tarib borishi lozim. 14 moddadan iborat Konvensiyaning ko‘plab talablari milliy qonunchiligimizda mavjud. Qolgan qismlar bo‘yicha ham dastlab qonunchiligimizga implementatsiya qilgan holda aks ettirib, keyin ratifikatsiya qilishimiz lozim.  

Masalan, “Iste’mol savatchasi” belgilab olinishi kerak. Umuman, mazkur Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi yollanma ishchilarni himoya qilish imkoniyatini kuchaytiradi. Masalan, hozir eng kam ish haqi 920 ming so‘m etib belgilangan. Ishga jalb etilgan xodimning eng kam ish haqi ana shu summadan kam bo‘lmasligi kerak. Konvensiya ratifikatsiya qilinsa, bu miqdor yanada oshadi.  

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi boshqarma boshlig‘i Mahmud Isayev yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash alohida moddada aks ettirilgani, kodeksga asosan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning o‘zida belgilanishi, tashkiliy-huquqiy, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiy ekanligi belgilanganini qayd etdi. Xodimning mehnatiga haq to‘lashning oylik miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilganini ta’kidladi.  

Davra suhbatida mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish masalasini chuqur o‘rganish va taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.  

Muhtarama Komilova,  

Davron Ernazarov(surat), O‘zA