O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Mudofaa vazirligi harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi tashabbusi bilan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida ilk marotaba festival shaklidagi “TechnoWays-2023” harbiy rivojlanish marafoniga start berildi.
Tadbirda innovatsion loyihalar tanlovi, harbiy ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda kursantlar 113 ta loyiha bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbir doirasida doktorantlar uchun seminar-trening o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, zamonaviy harbiy ilm-fan ob’ektivlik, dolzarb muammolarni o‘rganish va ularga ijodiy yechim topish, ilgari surilayotgan takliflarni o‘rganish, ilmiy istiqbolni belgilash kabi asosiy harbiy-ilmiy tadqiqot tamoyillariga amal qiladi.



Bugungi kunda rivojlangan davlatlarning armiyalari tizimiga istiqbolli innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish dolzarb hisoblanmoqda. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini zamonaviy qurol namunalari, harbiy va maxsus texnika, aloqa vositalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari bilan jihozlashni ilmiy asoslash va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish harbiy-ilmiy faoliyatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lmoqda.
Festivalni o‘tkazishdan maqsad Mudofaa vazirligida innovatorlik faoliyati natijalarini (ishlanmalarini) ishlab chiqarishga yo‘naltirish hamda loyiha mualliflarini moddiy rag‘batlantirishdir. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari va ta’lim muassasalari shaxsiy tarkibining festivalda namoyish etilayotgan va yuqori natijaga erishgan eng yaxshi ishlanmalari kelgusida xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.



A.Musayev, O‘zA.