“Uzbekistan GTL” zavodida iqtidorli talabalar uchun 2022-2023 yilgi IV stipendiyalar dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodi uchun kadrlar tayyorlash dasturi doirasida iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida to‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan “Uzbekistan GTL” kompaniyasi stipendiyalar dasturi sohadagi iqtidorli talabalarni jamlashga imkon yaratmoqda.
– Tanlovda texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim va bu keyingi faoliyatimda katta motivatsiya beradi, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya institutining neft-gaz texnologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi Sarvar Botirov. – Kelgusida bu boradagi faoliyatimni yanada rivojlantirib, sohadagi yangi texnologiyalarni yanada mukammal o‘rganish va “Uzbekistan GTL” kompaniyasida ishlashni maqsad qilganman.
Aytish joizki, ushbu stipendiya dasturi neft va gaz sohasida tahsil olayotgan bilimga chanqoq, istiqbolli, aniq maqsad sari intiluvchan yoshlarni o‘z bilim va salohiyatini namoyon qilishga imkoniyat yaratdi.
[gallery-10072]
Yurtimiz oliy ta’lim muassasalarining 2 mingdan ziyod talabalari ishtirok etgan va anketalarni saralash, yozma va og‘zaki shakldagi imtihonlar kabi bosqichlarni o‘z ichiga olgan tanlov natijalariga ko‘ra, 12 nafar talaba “Uzbekistan GTL” kompaniyasining 2022-2023 o‘quv yili uchun stipendiyasiga munosib ko‘rildi.
– Ochig‘i, ushbu tanlovga qiziquvchi yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda, – deydi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi personal boshqarish bo‘limi boshlig‘i Elyor Mo‘minov. – Ishtirokchilar soni o‘tgan yilga qaraganda ikki karra ko‘p. Tanlovda eng iqtidorli talabalar ichidan 12 nafarini 3 bosqichli sinovlar asosida tanlab oldik. Kelgusida g‘olib talabalarimizga kompaniyamizda amaliyot o‘tash, har oylik stipendiya va o‘qishni bitirgandan so‘ng ishga qabul qilish imkoniyati beriladi. Ta’kidlash lozimki, o‘tgan yillar mobaynida bugungi bilan qo‘shib hisoblaganda jami 46 nafar talaba mana shunday stipendiya sovrindori bo‘lgan. Ularning aksariyati bugungi kunda kompaniyamizning eng muhim nuqtalarida o‘zlarining mehnat faoliyatini olib bormoqda. Aslida, bu kabi tanlovni tashkil etishdan maqsad ham shu - talabalarni bilim olishga, o‘zini ustida ishlashga bo‘lgan qiziqishlarini, ularning kasbiga bo‘lgan mehrini oshirish va kompaniyamizga eng iqtidorli mutaxassislarni jamlash.
Ma’lumot o‘rnida, 2019-2020 o‘quv yili uchun birinchi marta o‘tkazilgan stipendiya tanlovida 850 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida 1200 nafar, 2021-2022 o‘quv yilida 1700 nafar talabalar qatnashdi. Ko‘rinadiki, yildan-yilga talabalarning ushbu stipendiya tanloviga qiziqishlari ortib bormoqda. O‘tgan yillar davomida jami 34 nafar talaba GTL stipendiyasi sohibiga aylandi. Ularning aksariyati bugungi kunda “Uzbekistan GTL” zavodida o‘zlarining muvaffaqiyatli mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Kompaniya uchun malakali va tajribali mutaxassislarni tayyorlash, zavodni ekspluatatsiya qilish va eng asosiysi yuqori sifatdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun kadrlarni tayyorlash, ularni o‘z kasbining professionali darajasida kasbiy rivojlanishiga amaliy choralarni ko‘rish kompaniyaning eng ustuvor vazifalaridan biridir.
Qo‘shimcha ravishda tanlovda ishtirok etgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tanlov komissiyasi tomonidan 16 nafar faol ishtirokchilarni ham maxsus sertifikatlar bilan taqdirlash, ularga GTL zavodida ishlab chiqarish amaliyoti va kompaniyada malaka oshirish hamda kadrlar zaxirasiga kiritish belgilandi.
Tadbir davomida tashkilotchilar tanlov g‘oliblari va faol ishtirok etgan yoshlarning o‘qishlariga va neft-gaz sohasidagi keyingi faoliyatiga omad tilashdi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat),O‘zA.