Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi aniqlandi
16:01 / 2024-10-15

Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida “Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi” musobaqasi o‘tkazildi. Unda harbiy okruglar, Qurolli Kuchlar akademiyasi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlaridan iborat jami o‘n sakkizta jamoa qatnashdi.

Ma’lumki, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, qo‘shilma, harbiy qism va muassasalarda mutaxassislarning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, harbiy xizmatchilarning uyushqoqlik va birodarlik sifatlarini oshirish maqsadida har yili kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Men g‘olib” shiori ostida Armiya o‘yinlari doirasida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib kelinadi.  

Xususan, “Eng ilg‘or tog‘ ishg‘ol guruhi” musobaqasi mutaxassislik bo‘yicha yakka va guruh tarkibida maxsus vazifalarni bajarish kabi ikki yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi. Bahslarda tog‘ ishg‘ol guruhlari doimiy shayligi, safarbarligi, tezkor jangovar harakatlar va maxsus tadbirlarni olib borishdagi harakatlari uyushqoqligini ta’minlash, tog‘ hududlarida vazifalarni bajarish va maxsus tadbirlarni amalga oshirishda harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini, og‘ir jismoniy va ruhiy qobiliyatini baholash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Maxsus operatsiya bo‘linmalari yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism jamoasi qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa Sharqiy harbiy okrugning yana bir jamoasi va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qism jamoasiga nasib etdi.  

Razvedka va oliy harbiy ta’lim bilim yurtlari bo‘linmalari yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qism jamoasi, ikkinchi o‘rinni Termiz garnizonidagi harbiy qism jamoasi qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘ringa Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti va Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism jamoalari munosib topildi.  

G‘olib va sovrindorlar kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

A.Musayev,O‘zA.