O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida “Saf tayyorgarligi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘linma” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Mazkur ko‘rik-tanlov Prezident — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining 2025 yil 14 fevraldagi farmoni asosida Qurolli Kuchlar tizimida joriy etilgan yangi Saf nizomi talablariga muvofiq tashkil etildi. Tanlov harbiy qismlar, mintaqaviy va respublika bosqichlarida o‘tkazildi.

Poytaxtimizdagi Jamoat xavfsizligi universiteti bazasida o‘tgan respublika bosqichida jamoalarning saf qoidalarini o‘zlashtirish darajasi baholandi. Ishtirokchilar yakka tartibda qurol va qurolsiz saf usullari, saf qo‘shig‘ini ijro etish, jangovar hayqiriq hamda qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar orqali o‘z mahoratini namoyon etdi.

Ko‘rik-tanlovning final bosqichi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi “JAR” sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda davlat va harbiy idoralar vakillari, faxriylar, gvardiyachilar, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida gvardiyachilar tomonidan tayyorlangan amaliy ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy orkestr ishtirokidagi musiqali kompozitsiyalar namoyish etildi. Tanlovda gvardiyachi qizlarning ham ishtirok etgani tizimda gender tenglik masalalariga e’tibor qaratilayotganidan dalolat berdi.
Yakunga ko‘ra, 3-o‘rin Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi jamoasi hamda “Sarboz” jamoasiga, 2-o‘rin Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi jamoasiga nasib etdi. Faxrli 1-o‘rinni esa Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi qo‘lga kiritdi.

Mazkur ko‘rik-tanlov Milliy gvardiya tizimida saf tayyorgarligini takomillashtirish, shaxsiy tarkibning kasbiy mahoratini oshirish, harbiy intizom va vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
N.Rahmonova,
O‘zA