Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Eng ilg‘or jangchi – 2025”: O‘zbekiston harbiylari AQSHda rekord natijalar bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi
11:13 / 2025-03-24

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Alishoh Abdullayev va III darajali serjant Shohrux Jovkashev joriy yilning 17–20 mart kunlari AQSHning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or jangchi – 2025” musobaqasida munosib ishtirok etdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommukinatsiyalar deparatmenti xabar berdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardi.

Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs – 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda III darajali serjant Shohrux Jovkashev  3 kilometr 219 metr masofani 11 minut 18 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Alishoh Abdullayev 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogramm og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirishga muyassar bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.

Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.

23 mart kuni g‘oliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali  kutib olindi. Marosimda harbiylar yutug‘i mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, deya e’tirof etildi.

Z.JONIBEKOV,

O‘zA